So'xda 2026 yil hosili uchun piyoz va sarimsoqpiyoz ekishga bag'ishlangan ko'rgazmali seminar o'tkazildi








So'x tumanida “Avgust va sentyabrь oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekish hamda “To'qsonbosti” ekinlarini joylashtirish” mavzusida ko'rgazmali seminar tashkil etildi. Tadbir ko'p tarmoqli “Mullo Rahmon” fermer xo'jaligi hududida bo'lib o'tdi.
Seminarda tuman hokimining birinchi o'rinbosari Ilhomjon Tojiboyev, hokim o'rinbosarlari Muslimbek Mavlonbekov va Ilhomjon Abdumajidov, tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov hamda bog'dorchilik va dehqon xo'jaliklari rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va agrar sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, yerdan samarali foydalanish va tuproq unumdorligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabini qondirish, maydonlardan yiliga ikki-uch marotaba hosil olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda agrar sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir davomida qatnashchilarga chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun mavjud Jahon banki va Frantsiya taraqqiyot agentligining imtiyozli kreditlari haqida batafsil ma'lumot berib o'tildi.
Seminar jarayonida piyoz va sarimsoqpiyoz ekish amaliy ravishda namoyish etildi. Mutasaddilar tomonidan agrotexnik tadbirlar bo'yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tuman hokimi o'rinbosari Muslimbek Mavlonbekov ma'lumotiga ko'ra, 2026 yil hosili uchun tumanda jami 459 gektar yer maydonida piyoz, sarimsoqpiyoz va “To'qsonbosti” usulida sabzavot ekinlari joylashtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 21 gektar ekin yerlariga, 351 gektar bog' va tokzor qator oralariga hamda 87 gektar aholi xonadonlari va ijara yerlariga ushbu ekinlar ekilishi belgilangan.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Peshqadamlar – fuqarolarning ishonchli hamrohi




Tibbiyot sohasidagi islohotlar So'x tumani misolida tahlil etildi