Fuqarolar murojaatini o'rganish va unga yechim topish – har bir rahbarning asosiy vazifasi!








Chashma mahalla fuqarolar yig'ini o'zining tarixiy bulog'i orqali olamga tanilgan, biroq mazkur mahallaning bir qismida aholi asosan sug'orish suvi ta'minotidagi muammodan aziyat chekishadi. Chashma mahallasining bir qismi hududda o'rnatilgan tik quduq suvidan sug'orish uchun foydalanib kelishadi.
Bugun e'lon qilgan xabarlarda ta'kidlanganidek, tik quduq suvidan foydalanilgan suv xarajatlari 2024 yilning oxirigacha to'liq davlat tomonidan qoplab berilgan. Avval tuman irrigatsiya bo'limi va UNS balansida bo'lgan tik quduqlar 2025 yilgi mavsumdan boshlab mahallalar balansiga o'tkazilishi va xarajatlar iste'molchilar hisobidan qoplanishi davlatimiz rahbari boshchiligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'kidlangan.
Tik quduq suvidan foydalanish endilikda fermer xo'jaliklari va o'zini o'zi boshqarish organlari tasarrufida bo'lib, elektr energiyasi uchun bo'lgan to'lov 2025 yilning boshidan boshlab foydalanuvchi fermerlar va aholi tomonidan qoplab beriladi. Buning uchun mahalla fuqarolar yig'inlari, tuman irrigatsiya bo'limi, nasos stantsiyalaridan foydalanish bo'limi va tuman elektr tarmoqlari korxonasi o'rtasida yangi shartnoma tuzilishi kerak bo'ladi. Tabiiyki, sarflangan elektr energiya mablag'lari fermerlar va fuqarolar tomonidan to'lab beriladi.
Biroq, 2025 yilning bahori ham oxiriga yetib bormoqda, lekin haligacha tumanimizda ushbu yo'nalishda amaliy ishlar qilinmagan. Ya'ni mavjud tik quqduqlardan foydalanish uchun o'zaro shartnomalar tuzilmagan. Sug'orish tizimidagi vujudga kelgan muammolar esa, fuqarolarni jamoaviy murojaat qilishga majbur qilgan. Bugun Chashma mahallasidagi “Mustafo” dam olish maskanida Chashma mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolarning sug'orish suvi ta'minotiga doir qilgan jamoaviy murojaati tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev boshchiligidagi ishchi guruh vakillari ishtirokida ko'rib chiqildi.
Guliston mahallasida bo'lganidek, tuman hokimining qishloq va suv xo'jalik masalalari bo'yicha o'rinbosari Muslimbek Mavlonbekov tomonidan fuqarolarga mazkur vujudga kelgan muammo va tushunmovchilikning qonuniy jihatlari tushuntirildi. Mutasaddi rahbarlar, ayniqsa tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Qosimjon Rahimberdiyev so'zga chiqib, yuzaga kelgan kamchilik va muammoni birgalikda hal etish, masalani hal etish uchun oson va eng maqbul yo'llarni izlab topish lozimligini qayd etdilar.
Fuqarolar tomonidan, ishchi guruh vakillariga, murojaat qilgan aholi yashaydigan hududga, Chashma bulog'idan taalluqli bo'lgan suv miqdorini quvurlar orqali olib kelish taklifi bildirildi. Mazkur taklifni barcha fuqarolar qo'llab-quvvatlashdi va tuman hokimi ham o'z navbatida quvurlar yetkazilishi va texnikalar safarbarligi hamda qurilish uchun kerakli mablag'ni topishda amaliy yordam berishga tayyor ekanligini ta'kidladi.
Muloqot davomida tik quduqlardan foydalanish uchun belgilangan tartibda shartnoma tuzish bo'yicha tegishli idoralar mutasaddilariga qat'iy ko'rsatmalar berildi. Bunday holatlarda birdam bo'lish va bir yoqadan bosh chiqarib, hamohang tarzda ish olib borish maqsadga muvofiqligi alohida ta'kidlandi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




