"NURONIY" VELOMARAFONCHILAR JAMOASI SO’X TUMANI MEHMONI
2022-08-25 17:25:15 141
Sport sog’liq garovi. Sportga oshno tutingan odam borki, sog’lig’idan shikoyat qilmaydi. Respublikamizda sportni rivojlantirishga oid amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar eng avvalo aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini ta'minlashga qaratilgan.
Marg’ilon shahrida tashkil etilgan "Nuroniy" velomarafonchilar jamoasining asl maqsadi ham sportni rivojlantirishga qaratilgan. Tumanga tashrif buyurgan nuroniy otaxonlarni tuman hokimligi mutasaddilari Tul chegara o’tkazish punktida qabul qilib oldilar.
Jamoaning rahbari,71-yoshli otaxon To’xtasin Sodiqovning so’zlariga ko’ra, mazkur jamoa 2008 yili tashkil etilgan bo’lib, barcha 14 nafar jamoa a'zolari velosipedda O’Zbekistonning tarixiy shaharlari - Samarqand, Buxorolarda bo’lishgan. Bugun esa, So’x tumanida nuroniylar mehmon bo’lib turishibdi.
- Asosiy maqsadimiz aholi orasida velosipedda harakatlanishni targ’ib qilish, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida davlatimizning tarixiy shaharlariga sayohat uyushtirish, Prezidentimiz belgilab bergan beshta muhim tashabbusni amalda tatbiq etish, qisqasi jamiyatda sog’lom turmush tarzini ta'minlashga qaratilgan. Xudo xohlasa, Istiqlolimizning 31-yillik to’yi arafasida qo’shni Respublikalarga ham velosayohat tashkil etish niyatimiz bor, - deydi To’xtasin-aka.
Velomarafonchilarni tuman markazida kutib olgan tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev tumanning o’ziga xos tabiatga ega ekanligi, So’x turizmni rivojlantirish uchun eng ma'qul va maqbul hudud ekanligi xususida ma'lumotlar berdi. Nuroniy velomarafonchilar ham tuman hokimiga mehmondorchilik uchun samimiy minnatdorchilik bildirishdi.
Tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayevga velomarafonchilar sovg’a sifatida Marg’ilon do’ppisi taqdim etdilar. Uchrashuv chog’ida bir guruh xotin-qizlarga adras matosi ham sovg’a qilindi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram