O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI DAVLAT HOKIMIYATI VA BOSHQARUVI ORGANLARI FAOLIYATINING OCHIQLIGI TO’G’RISIDA
2017-09-30 14:31:32 780
O'zbekiston Respublikasining Qonuni
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 11 martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2014 yil 10 aprelda ma'qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risidagi axborotdan foydalanishini ta'minlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olish huquqining kafolatlarini ta'minlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar uchun mas'uliyatini oshirish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni tarqatish tartibini belgilash.
2-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Ushbu Qonunning qo'llanilish sohasi
Ushbu Qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning tarkibiy va hududiy bo'linmalari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
jismoniy shaxslarning shaxsiga doir ma'lumotlardan foydalanishni ta'minlash tartibiga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan arizalar, takliflar hamda shikoyatlarni ko'rib chiqish tartibiga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'z vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan ular tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlariga o'z faoliyati to'g'risida axborot taqdim etish tartibiga;
taqdim etilishining o'ziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatiga taalluqli bo'lgan axborotning ayrim turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy printsiplari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
ular tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning o'z vaqtida berilishi va ishonchliligi;
ular faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot taqdim etishda fuqarolarning o'z sha'ni va qadr-qimmatini tajovuzlardan, o'z shaxsiy hayotiga aralashuvlardan himoya qilishga bo'lgan huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslarning o'z ishchanlik obro'sini himoya qilishga bo'lgan huquqlariga rioya etish.
5-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, ularning tarkibiy va hududiy bo'linmalarining huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, normativ hamda boshqa hujjatlar, shuningdek ularning ijro etilishining borishi to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga, normativ va boshqa hujjatlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ushbu hujjatlarni o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning, normativ va boshqa hujjatlarning loyihalari to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar amalga oshirilishi to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o'tkaziladigan ommaviy tadbirlar (majlislar, kengashlar, uchrashuvlar, matbuot konferentsiyalari, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqalar) to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi to'g'risidagi ma'lumotlar;
amalga oshirilishida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishtirok etayotgan O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati sohasiga taalluqli bo'lgan tarmoqning (hududning) holatini va uning rivojlanish sur'atini tavsiflovchi asosiy ko'rsatkichlar haqidagi, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko'rsatkichlari to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o'tkaziladigan (tashkil etiladigan) ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari to'g'risidagi ma'lumotlar;
bo'sh ish o'rinlari, ishga qabul qilish shartlari va bo'sh ish o'rinlarini egallash uchun nomzodlarga qo'yiladigan talablar to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tuzilgan muvofiqlashtiruvchi va maslahat organlari to'g'risidagi ma'lumotlar;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay'at majlislarini o'tkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular o'tkaziladigan sana, joy va vaqt, majlislarda hozir bo'lish tartibi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot jumlasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma'lumotlar ham kiritilishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'z faoliyati to'g'risidagi axborot ro'yxatini ushbu modda qoidalariga muvofiq tasdiqlaydi.
Davlat hokimiyatining vakillik organlari (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari), ularning qo'mitalari (doimiy komissiyalari), komissiyalari ochiqlikni ta'minlash maqsadida o'z faoliyati to'g'risidagi axborot, shu jumladan rejalashtirilayotgan majlislar va tadbirlar, ko'rib chiqilishi mo'ljallanayotgan masalalar, qabul qilingan qarorlar haqidagi axborot o'z vaqtida e'lon qilinishini (chop etilishini) ta'minlaydi.
6-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi foydalanilishi cheklab qo'yilgan axborot
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotdan foydalanish, agar mazkur axborot qonunda belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlar jumlasiga kiritilgan bo'lsa, cheklab qo'yiladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi foydalanilishi cheklab qo'yilgan axborotga taalluqli ma'lumotlarning ro'yxati, shuningdek ma'lumotlarni bunday axborot jumlasiga kiritish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
7-modda. Axborotdan foydalanuvchi va uning huquqlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchidir.
Axborotdan foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi ishonchli axborotni olish va tarqatish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida ushbu Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan axborotni olish uchun bevosita yoxud o'z vakillari orqali so'rov bilan murojaat etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishni rad etish.
Axborotdan foydalanuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
8-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash sohasidagi vakolatlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tarkibiy va hududiy bo'linmalarining o'z faoliyati to'g'risidagi axborotdan axborotdan foydalanuvchilarning foydalanishini ta'minlashga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot taqdim etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar, normativ va boshqa hujjatlar ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini tashkil etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash bo'yicha o'tkazilayotgan tadbirlar monitoring qilinishini hamda doimiy ravishda kompleks baholanishini tashkil etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot taqdim etish uchun mas'ul bo'lgan mansabdor shaxslarni belgilash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborot ro'yxatini tasdiqlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi foydalanilishi qonun hujjatlariga muvofiq cheklab qo'yilgan axborotga taalluqli ma'lumotlarning ro'yxatini tasdiqlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi e'lon qilinishi (chop etilishi) lozim bo'lgan axborot materiallarini tasdiqlash;
axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay'at majlislarida hozir bo'lishi tartibini belgilash;
axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotdan moneliksiz foydalanishini ta'minlash, ushbu Qonun 6-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning o'z vaqtida berilishini va ishonchliligini ta'minlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar ko'rish.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash sohasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot manbalari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot manbalari quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining, shuningdek ushbu organlar tomonidan vakolat berilgan mansabdor shaxslarning chiqishlari va bayonotlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining xabarlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rasmiy veb-saytlarining materiallari;
ommaviy axborot vositalarining materiallari.
Qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar ham davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborot manbalari bo'lishi mumkin.
10-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmati
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o'z faoliyati to'g'risidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalarini bajaruvchi, shuningdek ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlikni ta'minlovchi tarkibiy bo'linmasi yoxud ushbu vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxs davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatidir (bundan buyon matnda axborot xizmati deb yuritiladi).
Axborot xizmati ommaviy tadbirlarni tashkil etish, axborot xabarlarini (press-relizlar, byulletenlar va hokazolarni) tarqatish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytida ularning faoliyati to'g'risidagi axborotni joylashtirish va yangilab borish yo'li bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini ko'radi. Axborot xizmati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot tarqatishning qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa usullaridan ham foydalanishi mumkin.
Axborot xizmatining faoliyatini tashkil etish tartibi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi.
2-bob. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash tartibi
11-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash usullari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash usullari quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni e'lon qilish (chop etish);
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish va yangilab borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni hamma kirishi mumkin bo'lgan xonalarga va joylarga joylashtirish hamda yangilab borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay'at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo'lishi uchun sharoitlar yaratish;
axborotdan foydalanuvchilarning so'rovi asosida ularga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida og'zaki va yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) axborot taqdim etish.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
12-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni e'lon qilish (chop etish)
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni e'lon qilish (chop etish) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, rasmiy veb-saytlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.
13-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari Internet jahon axborot tarmog'idagi ushbu organlarga yoki bo'ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga tegishli bo'lgan va ularning faoliyati to'g'risidagi axborotni o'z ichiga olgan rasmiy veb-sayt sifatida identifikatsiya qilinadigan, hamma foydalanishi mumkin bo'lgan resursdir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida ushbu Qonun 5-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan axborotdan tashqari quyidagilar joylashtirilishi mumkin:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari to'g'risidagi ma'lumotnoma tarzidagi axborot (biografik ma'lumotlar, fuqarolarni qabul qilish kunlari va hokazo);
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular tarkibiy va hududiy bo'linmalarining ish tartibi to'g'risidagi ma'lumotlar, ularning telefon raqamlari hamda pochta manzillari, elektron pochta manzillari, ma'lumot xizmati telefonlarining va ishonch telefonlarining raqamlari, jamoat transportining qatnov yo'llari, to'xtash joylarining nomlari va yo'nalish raqamlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari, shuningdek ushbu organlar tomonidan vakolat berilgan mansabdor shaxslar chiqishlarining hamda bayonotlarining matnlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzurida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish tartibi to'g'risidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ko'rsatiladigan davlat xizmatlarining ro'yxati;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi tahliliy ma'ruzalar hamda axborot tusidagi sharhlar;
arizalarni, takliflarni, shikoyatlarni qabul qilish tartibi to'g'risida axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovlarni qabul qilish tartibi haqidagi axborot;
kelib tushgan arizalarni, takliflarni, shikoyatlarni, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovlarni ko'rib chiqishning umumiy natijalari haqidagi axborot.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida qonun hujjatlariga muvofiq ularning faoliyati to'g'risidagi boshqa axborot ham joylashtirilishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlaridagi axborot davlat tilida joylashtirilishi kerak. Rasmiy veb-sayt boshqa tillardagi shakllarga ham ega bo'lishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o'z rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning sanasi qo'yilgan bo'lishi hamda u vaqti-vaqti bilan yangilab borilishi kerak. Axborotni yangilab borish davriyligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi, lekin u haftasiga bir martadan kam bo'lmasligi kerak.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan axborot ishonchli bo'lishi kerak va u ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadigan axborot bilan teng kuchga ega bo'ladi.
14-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni hamma kirishi mumkin bo'lgan xonalar va joylarga joylashtirish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'zlari egallab turgan hamma kirishi mumkin bo'lgan xonalarda va (yoki) boshqa ajratilgan joylarda tegishli organning faoliyati to'g'risidagi axborot bilan axborotdan foydalanuvchilar tanishishi uchun axborot stendlarini va (yoki) shunday maqsad uchun mo'ljallangan boshqa texnik vositalarni joylashtirishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan axborot stendlarida va (yoki) shunday maqsad uchun mo'ljallangan boshqa texnik vositalarda quyidagilar bo'lishi kerak:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar ro'yxati;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ish tartibi to'g'risidagi ma'lumotlar, ma'lumot xizmati telefonlarining, ishonch telefonlarining raqamlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rejalashtirilayotgan ochiq hay'at majlislari to'g'risidagi axborot;
arizalarni, takliflarni hamda shikoyatlarni qabul qilish tartibi to'g'risidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovni qabul qilish tartibi haqidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ko'rsatiladigan davlat xizmatlarining ro'yxati.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan axborot stendlarida va (yoki) shunday maqsad uchun mo'ljallangan boshqa texnik vositalarda qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi boshqa axborot ham bo'lishi mumkin.
15-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
16-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay'at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo'lishi uchun sharoitlar yaratish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hay'at majlislari ochiq tarzda o'tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'zlarining ochiq hay'at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo'lishi uchun sharoitlar yaratadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay'at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo'lishi tartibi ushbu organlarning tegishli normativ hujjatlari bilan belgilanadi.
17-modda. Ommaviy axborot vositalari vakillarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risidagi axborotdan foydalanishini ta'minlash
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o'z faoliyatining ochiqligini ta'minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzurida akkreditatsiya qilinishini amalga oshirishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillarini o'tkaziladigan tadbirlar to'g'risida oldindan xabardor qiladi, ularga o'z kasbiga doir vazifalarini bajarishda ko'maklashadi.
Ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillari quyidagi huquqlarga ega:
bo'lib o'tadigan ochiq hay'at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to'g'risida oldindan axborot olish;
akkreditatsiya qiluvchi organning binolariga (xonalariga) va boshqa ob'ektlariga akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kirish;
ochiq hay'at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir bo'lish;
akkreditatsiya qiluvchi organning mas'ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so'rash hamda olish, ommaviy tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish hamda ulardan ko'chirma nusxalar olish;
olingan yozuvlardan ommaviy axborot vositalari materiallarini tayyorlashda foydalanish.
Ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
3-bob. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovni ko'rib chiqish tartibi
18-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rov
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rov (bundan buyon matnda so'rov deb yuritiladi) axborotdan foydalanuvchining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot taqdim etish haqida ushbu organlarga va (yoki) ularning mansabdor shaxslariga yo'llanadigan og'zaki yoki yozma shakldagi (shu jumladan elektron hujjat shaklidagi) talabidir.
19-modda. So'rovni ko'rib chiqish muddatlari va tartibi
Axborotdan foydalanuvchining so'rovi ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e'tiboran ko'pi bilan o'n besh kunlik muddatda ko'rib chiqilishi kerak.
Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervÑŒyusini tashkil etish to'g'risidagi so'rovi ko'pi bilan yetti kunlik muddatda ko'rib chiqiladi.
Agar axborotdan foydalanuvchining so'rovini ko'rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlariga kirmasa, so'rov so'ralayotgan axborotni taqdim etish vakolatiga kiritilgan organga ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, axborotdan foydalanuvchi esa bu haqda xabardor qilinadi.
Rasmiy nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan (chop etilgan) yoxud rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan axborot so'ralganda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari so'rovga beriladigan javobda so'ralayotgan axborot e'lon qilingan (chop etilgan) rasmiy nashrning, ommaviy axborot vositasining nomi, chiqarilish sanasi hamda raqamini va (yoki) so'ralayotgan axborot joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manzilini ko'rsatgan holda havola berishi mumkin.
Agar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari olingan so'rov bo'yicha davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari vakolatlari to'g'risidagi ma'lumotlarga ega bo'lmasa, axborotdan foydalanuvchiga so'rov ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida tegishli javob yuboriladi.
So'rov rad etilgan taqdirda axborotdan foydalanuvchiga asoslantirilgan javob yuboriladi.
20-modda. So'rovga qo'yiladigan talablar
Jismoniy shaxsning so'rovida uning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan va so'rovning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak. Yuridik shaxsning so'rovida yuridik shaxsning to'liq firma nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan, so'rovning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak.
Yozma so'rovlar axborotdan foydalanuvchining shaxsiy imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi kerak. So'rovni shaxsiy imzo bilan tasdiqlash imkoniyati bo'lmagan taqdirda, u qo'shimcha ravishda tuzuvchining ham familiyasi, ismi, otasining ismi qo'yilgan holda uning imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan ma'lumotlar ko'rsatilmagan so'rov anonim hisoblanadi va ko'rib chiqilmaydi.
So'rov unda qo'yilgan masalalar yuzasidan axborot taqdim etish vakolatiga kiradigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organiga yoki mansabdor shaxsga yuboriladi.
Belgilangan tartibda yuborilgan so'rov ko'rib chiqilishi shart.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Nizolarni hal etish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.
23-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.
24-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun «Xalq so'zi» gazetasining 2014 yil 6 maydagi 87 (6017)-sonida e'lon qilingan.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014 yil 5 may,
O'RQ-369-son