YOSHLAR YETAKCHILARI FA'OLIYATIGA TANQIDIY BAHO BERILDI
2022-08-22 16:12:51 168
Respublikamizda yoshlarga berilayotgan e'tibor zamirida Vatanimizning porloq kelajagi, o’sib kelayotgan barkamol avlod taqdiri mujassam. Shuning uchun, joylarda fa'oliyati yo’lga qo’yilgan yoshlar yetakchilari zimmalariga katta, mas'uliyatli vazifa yuklangan.
Tuman hokimligi majlislar zalida bo’lib o’tgan ochiq muloqotda yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ularning shu davr mobaynidagi fa'oliyati tahlil etildi va tanqidiy ruhda bo’lib o’tgan ochiq muloqotda tuman sektorlari vakillari, boshqa hamkor tashkilotlar namoyondalari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida so’z olgan tuman hokimi o’rinbosari Ilhom Abdumajidov 2022 yilning birinchi yarim yilligida So’x tumanida yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta'minlash, muamolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil etdi va bir qator ijobiy ishlar bilan birga, ayrim muammo va kamchiliklar yuzasidan, “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kelib tushayotgan onlayn murojaatlar hamda yoshlar va voyaga yetmaganlar o’rtasida jinoyatchilik oshganligi, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida ikkinchi yarim yillikda amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalarga to’xtalib o’tdi.
Yoshlar ishlari Agentligi tuman bo’limi boshlig’i Isojon Mastonov ham o’z so’zida tumandagi “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritish ishlari, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish holati, “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kelib tushayotgan onlayn murojaatlarni o’rganish holati, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 250-sonli va 2022 yil 7 iyundagi 312 sonli qarorlari, Nizomi hamda ilovalariga mos ravishda daftarga qabul qilish hamda rad etish sabablari haqida gapirdi.
Shuningdek, 2022 yilning birinchi yarim yillik davomida o’z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun 4 nafar yoshlar yetakchilariga “Hayfsan” intizomiy jazosi qo’llanilib, ularga bir oylik sinov muddati belgilandi.
Belgilangan sinov muddatida yuqoridagi yoshlar yetakchilari faoliyati ijobiy tarafga o’zgarmagan taqdirda egallab turgan lavozimidan ozod etish choralari ko’rilishi haqida ogohlantirildi.
Bundan tashqari tuman bo’limi mutaxassislari ham bo’lim tomonidan berilgan topshiriqlarni nazoratga olmaganliklari va belgilangan tartibda yetarlicha ish tashkil etilmaganliklari uchun qat'iy ogohlantirildi.
Tadbir davomida tuman prokurori o’rinbosari Olimjon Dustov so’zga chiqib, mahalla yoshlar yetakchilari faoliyatida kuzatilayotgan kamchiliklar yuzasidan, “Yoshlar daftari” jamg’armasi mablag’larini sarflanishida ayniqsa, yoshlarga berilayotgan tavsiyalarda korruptsion xolatlarga yo’l qo’yilishini oldini olishga alohida ahamiyat berishlari kerakligi, shaffoflikni ta'minlashlari, yoshlar tomonidan qilingan murojaatlarni o’z vaqtida sifatli, xolisona o’rganishlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 92-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qarorlari talablaridan chetka chiqmasliklari haqida tushuntirish berib o’tdi.
Tuman ichki ishlar bo’limi boshlig’ining birinchi o’rinbosari Umedjon Shamsidinov ham so’zga chiqib, 2022 yilning birinchi yarim yilligida yoshlar va voyaga yetmaganlar o’rtasida sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oshganligi xususida to’xtalib, ushbu yo’nalishda barcha xizmatlar va jamoat tashkilotlari, ayniqsa, mahalla fuqarolar yig’inlari va profilaktika inspektorlari mustahkam hamkorlikda ish olib borishlari zarurligi qayd etdi.
Ochiq muloqot oxirida barcha yoshlar yetakchilariga qilinishi lozim bo’lgan ishlarga mas'uliyat bilan yondoshish, o’z vazifalarini sidqidildan va halol ijro etishlari xususida tavsiya va ko’rsatmalar berildi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram