O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 25 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasining davlat chegarasini kesib o'tish tartibini buzishga oid ishlar bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi 9-sonli qarorining mazmun-mohiyati, muammolar va taklif
2022-06-29 10:35:25 176
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 25 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasining davlat chegarasini kesib o'tish tartibini buzishga oid ishlar bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi 9-sonli qarorining mazmun-mohiyati, muammolar va takliflar
(O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 25 noyabrdagi 9-sonli qarori; Oliy sud Plenumining 2016 yil 29 iyuldagi 13-sonli, 2018 yil 19 maydagi 16-sonli qaroriga asosan kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar bilan)
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi fuqarosi O'zbekiston Respublikasiga erkin kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega bo'lib, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno.
O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o'tish tartibi quyidagilar bilan tartibga solinadi:
1999 yil 20 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to'g'risida”gi Qonuni;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 6 yanvardagi 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O'zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibi”;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning O'zbekiston Respublikasiga kelishlari va O'zbekiston Respublikasidan ketishlari Tartibi”;
boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan.
Sudlarga tushuntirilsinki, JK 223-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik shaxs chet elga chiqish yoki O'zbekiston Respublikasiga kirish yoxud O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o'tish yuzasidan belgilangan tartibni faqat qasddan buzgan hollardagina kelib chiqadi.
Shaxs tomonidan O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o'tish tartibining ehtiyotsizlik oqibatida (masalan, oriyentirni yo'qotish oqibatida), noilojlikdan (masalan, tabiiy ofat yoki texnogen xususiyatga ega hodisa, zo'rlik ishlatish yoki zo'rlik ishlatish bilan tahdid etish oqibatida) yoki shaxsning erkiga bog'liq bo'lmagan hollarda (masalan, uning ojiz ahvoldaligidan foydalangan holda) buzilishi mazkur jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.
Siyosiy boshpana huquqidan foydalanish uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o'tish tartibini buzgan holda O'zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar JK 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilmaydilar.
Jinoyat kodeksi 223-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasiga ko'ra, mazkur jinoyat qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tishda ifodalangan bir yoki bir necha harakatlar ko'rinishida sodir etilishi mumkin.
Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasiga kirish deganda, jumladan, O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining belgilangan o'tkazish punktlari orqali (qonunning 12-moddasi), biroq belgilangan hujjatlarsiz yoki O'zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomasiz kesib o'tilishi tushunilishi lozim.
Qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tish deganda, jumladan, haqiqiy hujjatlar va kirish-chiqishga ruxsatnoma bor-yo'qligidan qat'iy nazar, uning belgilangan o'tkazish punktlaridan tashqari joydan kesib o'tilishi tushunilishi lozim.
O'zbekiston Respublikasiga kirish uchun quyidagi hujjatlar asos bo'ladi:
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun-amaldagi pasport (diplomatik pasport), pasportning amal qilish muddati chet elda o'tgan, u yaroqsiz bo'lib qolgan yoki yo'qotilgan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilish sanasi o'zgargan) hollarda- O'zbekiston Respublikasiga qaytish sertifikati va fuqarolar kirish-chiqish Tartibi V bo'limida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar;
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun – amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, O'zbekiston Respublikasiga kirish uchun (kirish, tranzit) viza va xorijiy fuqarolar kirish-chiqish Tartibi II bo'limida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
O'zbekiston Respublikasidan chiqish uchun quyidagi hujjatlar asos bo'ladi:
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun – amaldagi pasport (diplomatik pasport), unda chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri (bundan buyon-stiker) mavjudligi, chet el davlatiga kirish vizasi (O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalari rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan xorijiy davlatlar bundan mustasno), amaldagi yo'l hujjati (chipta), bojxona organi mansabdor shaxsi belgisi qo'yilgan bojxona deklaratsiyasi va fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I, II bo'limlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar;
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun – amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, O'zbekiston Respublikasiga kirish-chiqish uchun viza, amaldagi yo'l hujjati (chipta), bojxona organi mansabdor shaxsi belgisi qo'yilgan bojxona deklaratsiyasi va xorijiy fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I, III bo'limlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
Qonunchilikka ko'ra, O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish-chiqish uchun vizasiz rejim o'rnatilgan xorijiy davlatlarga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari chiqishi uchun stiker rasmiylashtirilishi talab etilmaydi (fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I bo'limi 2-bandi). Biroq normativ-huquqiy hujjatlarda muayyan toifadagi fuqarolarning (masalan, harbiy xizmatchilar, davlat siri bo'lgan ma'lumotlardan xabardor shaxslar va h.k.larning) chet elga chiqishi uchun xorijiy davlat bilan vizasiz rejim mavjudligidan qat'iy nazar, boshqacha tartib belgilanishi mumkin (fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I bo'limi 3-bandi, III bo'limi “a” bandi). Binobarin, mazkur toifadagi shaxslarning stiker rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan xorijiy davlatlarga maxsus ruxsatsiz chiqishi ularning JK 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo'ladi.
Fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I bo'limi 7-bandiga muvofiq JK 223-moddasi bo'yicha javobgarlik faqat stiker rasmiylashtirilmagan holda yoki amal qilish muddati o'tgan stiker bilan O'zbekiston Respublikasidan, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalari talab etilmaydigan har qanday xorijiy davlatdan boshqa, kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etiladigan xorijiy davlatga kirgan hollarda kelib chiqadi.
Shu bilan birga, fuqarolar kirish chiqish Tartibida O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlat hududida bo'lishi muddati chegarasi belgilanmaganligi sababli, ularning xorijiy davlat hududida O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan muddatlardan ortiq bo'lishlari ma'muriy (MjTK 226-moddasi) yoki jinoiy (JK 223-moddasi) javobgarlikka tortish uchun asos bo'lmaydi.
Jinoyat kodeksi 223-moddasida nazarda tutilgan jinoyat O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizig'i kesib o'tilgan paytdan boshlab, Davlat chegarasi orqali o'tkazish punktlarida esa - chegara nazoratidan o'tilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat Davlat chegarasini yorib o'tish yo'li bilan sodir etilgan bo'lsa, shaxsning harakatlari JK 223-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda yorib o'tish deganda, jumladan, qo'riqlanadigan Davlat chegarasini chegara postiga yoki chegarachilar naryadiga hujum qilish, chegara qo'shinlarining qonuniy faoliyatiga boshqacha faol qarshilik ko'rsatish (masalan, Davlat chegarasi rejimi talablariga ochiqdan-ochiq bo'ysunmaslik, o'zining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish), Davlat chegarasini qo'riqlashga doir texnik vositalarni nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish va h.k. yo'li bilan kesib o'tishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim.
Agar Davlat chegarasini yorib o'tish paytida aybdor tomonidan Davlat chegarasini qo'riqlovchi shaxs badaniga qasddan og'ir shikast yetkazilgan yoki u qasddan o'ldirilgan bo'lsa, qilmish JK 223-moddasi va tegishlicha JK 104, 97-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo'yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil yoki o'rtacha og'irlikdagi tan jarohati, shuningdek mulkiy ziyon yetkazilishi JK 223-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK 105, 109 va 173-moddalari bilan qo'shimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
O'zbekiston Respublikasi JK 223-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyat sub'ekti bo'lib, faqat xorijiy mamlakatlarga chiqishi maxsus kelishuvni talab qiladigan mansabdor shaxslar bo'la oladilar (O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 5 martdagi PQ 2142-sonli qarorining 1 va 2-bandlari).
Agar shaxs qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tish paytida boshqa jinoyatlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, qalbaki hujjatlardan foydalanish, kontrabanda, giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, bojxona to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish va boshqalar) sodir etgan bo'lsa, aybdorning harakatlari sodir etilgan jinoyatlar majmui bo'yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Chegarachilar naryadi tarkibida bo'lgan shaxs tomonidan chegara xizmatini o'tash qoidalarini buzish, agar bu qilmish qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tishga olib kelgan bo'lsa, JK 294-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK 223-moddasi bilan qo'shimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
Jinoyat kodeksi 223-moddasi dispozitsiyasi blanket norma bo'lganligi tufayli, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to'g'risidagi qarorda dastlabki tergov organlari shaxs tomonidan chet elga chiqish, O'zbekiston Respublikasiga kirish, O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tish tartibini belgilovchi aynan qaysi normativ-huquqiy hujjat talabi buzilganligini aniq ko'rsatishlari shart. Sud hukmida ham mazkur jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsning harakatlarida JK 223-moddasida nazarda tutilgan belgilardan qaysi biri mavjudligi aniq ko'rsatilishi lozim.
Dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat-protsessual qonuni talablariga rioya etilmasligi ishning JPK 416 va 417-moddalari talablaridan kelib chiqib hal qilinishiga sabab bo'ladi.
Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasiga kirish, qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o'tishga doir ishlarni ko'rish vaqtida sudlar, ehtiyotsizlik oqibatida Davlat chegarasini kesib o'tish tartibi buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarning noqonuniy sudlanishi hollarini istisno etish maqsadida, aybdorning harakatlari xususiyatini sinchkovlik bilan aniqlashlari zarur. Ish bo'yicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga mas'ul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
Mazkur toifaga doir har bir ish bo'yicha aybdor shaxsga nisbatan adolatli, qilmishga mutanosib jazo belgilash maqsadida sudlar, shuningdek, jinoyatning sodir etilishi motivini, moddiy zarar yetkazilgan-etkazilmaganligini, yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlashlari lozim.
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining sudyasi