Bola huquqlarining kafolatlari
2022-06-28 18:00:43 155
Bola huquqlarining kafolatlari
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko'ra, ota-onalar o'z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96, 100-moddalarida, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishi shartligi belgilangan.
“Bola huquqlari to'g'risida”gi Konventsiya asosida ishlab chiqilgan qonun hujjatlarida voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning moddiy ta'minot olish huquqi belgilab qo'yilgan.
Bolalar sog'lom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida ota-onalar mas'ul ekanligiga va ular o'zlarining voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarini ijtimoiy ta'minlashga majbur ekanligiga, ushbu majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment faqat sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug'i chiqarish orqali undiriladi.
Aliment to'lash bilan bog'liq bo'lgan nizolarni o'z vaqtida va to'g'ri hal qilish bolalar manfaatlari himoyasining muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Qonunga muvofiq, voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta'minoti uchun aliment taraflarning kelishuviga ko'ra ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to'lash haqida ota-ona o'rtasida kelishuv bo'lmaganda, shuningdek, aliment ixtiyoriy ravishda to'lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to'g'risidagi talab bilan sudga murojaat qilmagan hollarda, voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment undirish haqidagi da'vo bilan voyaga yetmagan o'n to'rt yoshga to'lgan bola murojaat qilishga haqli. Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona) va bola alohida yashagan hollarda, voyaga yetmagan o'n to'rt yoshga to'lgan bola ota yoki onasiga yoxud ota-onasining har ikkoviga nisbatan da'vo taqdim qilishi huquqiga ega.
Ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun aliment vasiylik va homiylik organlari, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan yetim bolalar va bolalar uchun muassasalar, shuningdek, prokuror da'vosiga ko'ra, sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi.
Oila kodeksining 81-moddasi 2-qismiga ko'ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o'z bolasiga ta'minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Oila kodeksining 100-moddasida ota-onaning voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to'lashi belgilangan bo'lib, bunda sudlar qonun talabiga ko'ra, voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatli yoki layoqatsizligi hamda moddiy yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligini aniqlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Sudga murojaat qilgan taraf voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatsizligi va yordamga muhtojligi to'g'risida dalil sifatida nogironlik haqida TMEK yoki boshqa vakolatli organ xulosasi, moddiy ahvoli to'g'risida ma'lumot va h.k. taqdim etishi lozim.
Sudlar aliment undirishda bolaning mehnatga layoqatliligini yo'qotilganlik darajasi va uning haqiqatdan yordamga muhtoj ekanligini, taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini e'tiborga oladi.
Bolaning ta'minoti uchun qo'shimcha xarajatlarni undirish masalasini hal etishda, sudlar Oila kodeksining 103-moddasida qayd etilgan qo'shimcha xarajat qanday favqulodda holatlar (bolalarning og'ir shikastlanishi, kasal bo'lishi va boshqalar)da kelib chiqqanligini hamda bu bola ta'minoti uchun zarurligini ko'rsatishi va ularning oilaviy va (yoki) moddiy ahvolini hisobga olib, qisman pul bilan to'lanadigan qo'shimcha xarajatlarning qat'iy miqdorini aiqlaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, aliment undirish to'g'risidagi sud hujjati ijrosi jarayonida aliment bo'yicha qarz vujudga kelishi sababli neustoyka miqdorini hisoblash va undirish davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. Aliment to'lash to'g'risida kelishuv bajarilmagan, aliment bo'yicha qarz vujudga kelgan taqdirda esa, aliment undiruvchi bank foizlarini undirish yuzasidan sudga da'vo bilan murojaat etishga haqli.
Sh.Abdullayev - Fuqarolik ishlari bo'yicha
So'x tuman sudi raisi