BOLASINI SOTMOQChI BO'LGAN ONAGA SUD HUKMI O'QILDI
2022-02-26 18:51:50 148
BOLASINI SOTMOQChI BO'LGAN ONAGA SUD HUKMI O'QILDI
Yaqinda 2021 yilning 21 sentyabr kuni o'z bolasini sotgan ayol - Badirova Maxliyo Sodiqjon qiziga sud hukmi o'qildi. Ona nomiga dog' tushirayotgan ayollarga, xotin-qizlarimizga aslida farzand nima uchun kerak? Naxotki ular o'z jigarbandiga shunday amalni ravo ko'rsa?
Sudlanuvchi M.Badirova, o'n sakkiz yoshga to'lmaganligi ayon bo'lgan, 2016 yil 13 iyulda tug'ilgan farzandi Badirov Muxammadsodiq Baxromjon o'g'lini, 2021 yil 07 iyul kuni Farg'ona tumani, Chimyon MFY hududida maxsus N.Nazirovaga 5.000 AQSh dollari miqdoridagi pul evaziga sotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida AQSh dollari va farzandining tug'ilganlik haqidagi guvohnomasi ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Sudlanuvchi M.Badirova sud majlisida, aybiga to'liq iqror bo'lib, haqiqatdan ham u 2016 yil 13 iyulda “Badirov Muxammadsodiq Baxromjon o'g'li” farzand ko'rgani, farzandini yolg'iz ona sifatida tarbiyalab kelgani, oilaviy sharoiti og'irligi, farzandini bolalar uyiga topshirish uchun harakat qilgani, lekin topshiraolmagani, tanishlari M.Xalilova va N.Akbarovalarga farzandini 5000 AQSh dollariga sotmoqchiligini aytgani, shunda M.Xalilova bir tanishi farzandsizligini, bola asrab olish niyatida bo'lganligini, aytgani 2021 yil 07 iyul kuni soat 17-00 lar atrofida uni oldiga M.Xalilova bir ayol bilan birga kelganida unga farzandini tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini ko'rsatib unga 5.000 AQSh dollari evaziga sotishini aytgani shundan sung M.Badirovni Shifokor MFYda yashovchi enagasi “Shahlo” opani uyidan olib kelib ko'rsatgani, kelgusida da'vo qilmasligi haqida va'da berib undan pullarni olgan vaqtida bir necha fuqarolik kiyimidagi shaxslar kelishib, o'zlarini departament, DXX va IIB xodimlari ekanliklarini xizmat guvohnomalarini ko'rsatishib tanishtirishgani va u o'z ixtiyori bilan 5.000 AQSh dollarini taqdim qilgani, shundan so'ng uni hujjatlar rasmiylashtirishgani va xolislar ishtirokida pul hamda o'g'liga tegishli bo'lgan tug'ilganlik haqidagi guvohnomani daliliy ashyo tariqasida olishgani, hozirda qilgan ishidan chin ko'ngildan pushaymonligini, oiladagilari undan yuz ugirishib uni uylaridan haydashgani, oilaviy sharoiti og'irligini, Farg'ona tumanidagi “Chimiyon pansionati” MChJ sihatgohidagi choyxonada yashab kelayotgani, yengillik berishini so'radi.
Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi M.Badirovaning jinoiy harakatlari O'zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan to'g'ri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblaydi.
Chunki, sudlanuvchi M.Badirova o'n sakkiz yoshga to'lmaganligi ayon bo'lgan, 2016 yil 13 iyulda tug'ilgan farzandi Badirov Muxammadsodiq Baxromjon o'g'lini, 2021 yil 07 iyul kuni 5.000 AQSh dollariga sotgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to'g'risida”gi qarorining 3-bandida “jazo adolatli bo'lishi-har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatni xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og'irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo'lishi kerak” deb, 26-bandida “ozodlikdan mahrum qilish jazo tariqasida, odatda, og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, alohida hollarda esa, sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda - ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni bo'lmasa, qo'llaniladi” deb ko'rsatilgan.
Sud, sudlanuvchi M.Badirovaga jazo tayinlashda, yuqoridagi Plenum qarorlari talablariga amal qilgan holda, uning shaxsini, ayolligini, oilaviy sharoiti og'irligini, jinoyatni sodir etishning motiv va maqsadini, muqaddam sudlanmaganligini sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholab, O'zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasini qo'llab, modda sanktsiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ham kamroq jazo tayinlashni lozim deb hisoblaydi.
O'zbekiston Respublikasi JPKning 454-457, 462,463,465-468, 472-473, 476-moddalariga amal qilib, jinoyatchiga sud hukmi o'qildi.
Badirova Maxliyo Sodiqjon qizi O'zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybli deb topilib, 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining sudyasi