“USTASI FARANG” FIRIBGARNING QISMATI
2022-02-26 18:44:55 169
“USTASI FARANG” FIRIBGARNING QISMATI
Har kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni aldash yo'li bilan ularning ishonchiga kirib olib, firibgarlik yo'li bilan mo'may daromad olishda “ustasi farang” bo'lgan ba'zi bir fuqarolar haqida xabar yoxud maqolaga ko'zimiz tushadi. Qo'yida mana shunday ishning “qiyig'i chiqqani” haqida ma'lumot bermoqchimiz.
Yaqinda o'zi ayol bo'la turib, 8 kishini “chuv tushirgan” FIRIBGAR ayolning ishini ko'rib chiqdik.
Mamajonova Maxliyoxon Xamdamovna, 1973 yil 30 aprel kuni Farg'ona tumanida tug'ilgan, millati o'zbek, O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti o'rta-maxsus, turmushidan ajrashgan, bir nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Farg'ona tumani Yuqumli kasalliklar shifoxonasida xamshira bo'lib ishlaydi , Farg'ona tuman, Vodil mahalla fuqarolar yig'ini, “Yuksalish” ko'chasi 26-uyda yashaydi.
Xo'sh, bu ayolni jinoyat ko'chasiga kirib qolishiga nima sabab bo'ldi? Qanday omillar Mahliyoxonni firibgarlik ko'chasiga yetakladi?
Bu ayol naxt 5 yil turli yo'llar bilan fuqarolar ishonchiga kirib, ko'p miqdordagi mablag'larni o'zlashtirgan. “Ovi o'ngidan” kelaverganidan xursand, Mahliyoxon ushbu “faoliyatini” 2017 yildan to 2021 yilgacha “davom ettirgan”. Biroq, “Ko'za kundamas, kunida sinadi” degan maqol amalad o'z isbotini topdi.
Mahliyoxonning “o'ljalari” haqida ham ma'lumot beramiz.
Sudlanuvchi M.Mamajonova, 2017 yil sentyabr oyida jabrlanuvchi M.Egamberdiyevaning ishonchiga kirib, Koreya Respublikasiga ishlash uchun bormoqchi bo'lib imtihonlaridan o'talmaganligi, uni Koreya Respublikasiga qonuniy tartibda yuborishini aytib, uni aldab, 500 AQSh dollari va 200.000 so'mini, 2017 yil sentyabr oyida jabrlanuvchi G.Shodiyevaning ishonchiga kirib, xuddi shu maqsaddauni aldab, 2500 AQSh dollari va 200.000 so'mini, 2019 yil mart oylarida jabrlanuvchi M. Raxmonovani ishonchiga kirib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg'ona filaliga ishga olib kirib qo'yishini aytib, uni aldab, 600 AQSh dollarini, 2020 yil 01 fevral kuni takroran, jabrlanuvchi Yo.Axmedovani ishonchiga kirib, Farg'ona tumani Tibbiyot birlashmasiga ishga olib kirib qo'yishini aytib, uni aldab, 600 AQSh dollarini, 2020 yilning iyul oyida takroran, jabrlanuvchi X.Tursunovani Farg'ona tumani Tibbiyot birlashmasiga ishga olib kirib qo'yishini aytib, uni aldab, 400 AQSh dollarini, 2020 yilning iyul oyida takroran, jabrlanuvchi X.Tursunovani Farg'ona tumani Tibbiyot birlashmasiga ishga olib kirib qo'yishini aytib, uni aldab, 400 AQSh dollari va 3 million so'm pulini, 2021 yil yanvar oyida takroran, jabrlanuvchi N.O'rinbayeva ishonchiga kirib Farg'ona tumani Tibbiyot birlashmasidan Farg'ona shahar Tibbiyot birlashmasiga ishga o'tkazib berishini aytib, uni aldab, 400 AQSh dollarini, 2021 yil 28 yanvar kuni takroran, jabrlanuvchi G.Rasulovani ishonchiga kirib Farg'ona tumani Tibbiyot birlashmasiga ishga olib kirib qo'yishini aytib, uni aldab, undan 800 AQSh dollarini firibgarlik yo'li bilan olib, ushbu pul mablag'larini o'zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
O'z-o'zidan kshrinib turibdiki, jabrlanuvchilar “dongi chiqqan ishbilarmon ko'magida” na Koreya davlatiga borishgan va na ishga kirisha olganlar. Afsuski, bunday holat va hodisalar bizning faoliyatimizda ko'p uchrab turadi.
Sud, sudlanuvchi M.Mamajonovaning sodir etgan jinoyati, uning o'z aybiga iqror bo'lib bergan ko'rsatuvidan tashqari, jabrlanuvchi Yo.Axmedova, G.Shodiyeva, X.Tursunova, Q.Toshmatov, M.Raxmonova, N.Urinboyeva, G.Rasulovalarning dastlabki tergov va suddagi ko'rsatuvlari, arizalar, tilxatlar, tushuntirish xatlari hamda ishda to'plangan boshqa ob'ektiv dalillar bilan ham to'liq tasdiqlanadi deb hisobladi.
Sud, sudlanuvchi M.Mamajonovaning jinoiy harakatlari dastlabki tergov organi tomonidan O'zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan to'g'ri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblaydi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to'g'risida”gi qarorining 3-bandida “jazo adolatli bo'lishi-har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatni xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og'irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo'lishi kerak” deb, 26-bandida “ozodlikdan mahrum qilish jazo tariqasida, odatda, og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, alohida hollarda esa, sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda - ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni bo'lmasa, qo'llaniladi” deb ko'rsatilgan.
Sud, mazkur Plenum qarorlari talablariga rioya qilib, sudlanuvchi M.Mamajonovaga nisbatan jazo tayinlashda, jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoitini, jazoni og'irlashtiruvchi holat mavjud emasligini, bundan tashqari, ish bo'yicha yetkazilgan moddiy zarar qoplanmaganligini, jabrlanuvchilarning qonuniy chora kurish haqidagi talablarini inobatga olgan.
Sud, sudlanuvchi M.Mamajonovadan jabrlanuvchi M.Raxmonova foydasiga 600 AQSh dollari (6.444.000 so'm), jabrlanuvchi Yo.Axmedova foydasiga 300 AQSh dollari (3.222.000 so'm), jabrlanuvchi G.Shodiyeva foydasiga 2.500 AQSh dollari (26.850.000 so'm), jabrlanuvchi M.Egamberdiyeva foydasiga 400 AQSh dollari (4.296.000 so'm), jabrlanuvchi X.Tursunova foydasiga 200 AQSh dollari (2.148.000so'm), jabrlanuvchi Q.Toshmatov foydasiga 3.200 AQSh dollari (34.368.000 so'm) hamda 3.000.000 (uch million) so'm, jabrlanuvchi N.O'rinboyeva foydasiga 200 AQSh dollari (2.148.000so'm), jabrlanuvchi G.Rasulova foydasiga 600 AQSh dollari (6.444.000 so'm), (hukm e'lon qilingan kundagi 1 AQSh dollarining so'mga nisbatan qiymatida 10.740 so'm) miqdorida moddiy zarar undirishni lozim deb hisoblaydi.
Yuqoridagilarga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi JPKning 13, 454-457, 460, 463, 465-468, 471-474-moddalariga asoslanib, sud hukm qildi: Mamajonova Maxliyoxon Xamdamovna O'zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan aybdor deb topilgan.
Bunday misolni keltirishdan va ushbu ish yuzasidan maqola yozishdan maqsad bitta – fuqarolarimizni, ayniqsa, ayollarimizni ushbu kabi qing'ir yo'ldan qaytarish, har bir jinoyatga jazo muqarrarligini yana bir karra haytiy misolar bilan isbotlashdan iboratdir. Ogoh bo'ling va aldanib qolishdan saqlaning!
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining sudyasi