ASOSIY MASALA – OILAVIY AJRIMLARNI OLDINI OLISh
2022-01-27 15:29:37 225
ASOSIY MASALA – OILAVIY AJRIMLARNI OLDINI OLISh
Oila muqaddas dargoh. Uning mustahkamligi va totuvligi eng avvalo, ushbu mo''jaz Vatanda yashaydigan fuqarolarning o'zaro hurmat va hamjihatligiga bog'liq.
Tumanimizda oilaviy ajrimlarni oldini olish, jamiyatda va eng avvalo oilada sog'lom turmush tarzini shakllantirish bo'yicha keng ko'lamli targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Biroq, shunga qaramasdan ajrimlar sonini ko'payib borishi ushbu masalada samaraliroq faoliyat olib borishni taqozo etadi.
Ma'lumot uchun: 2021 yil 12 oyi davomida tuman FXDYo bo'limi tomonidan jami 111 ta ajrim holati rasmiylashtirilgan bo'lib, bu ko'rsatkich o'tgan 2020 yilga nisbatan 64 taga oshgan. Ajrimlar o'tgan yili 7 ta mahallalarda oshgan, 14 ta mahallalarda barqaror saqlangan, 6 ta mahallalarda kamaygan. Oftobru, Xushьyor, Tul, Lenbur, Kal'acha, Mulgon, Xazrati Ali mahalla fuqarolar yig'inlarida ushbu holat 4-5 taga oshganligi sababli tuman ko'rsatkichi ham 2020 yilning shu davriga nisbatan oshishiga sabab bo'lgan.
Oilaviy ajrimlarni oldini olish va mahallarda sog'lom turmush tarizini tatbiq etish, oilalarda sog'lom muhitni shakllantirish bo'yicha So'x tumani mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi tarkibida ishchi guruh tashkil etilgan bo'lib, ushbu ishchi guruh bo'lim boshlig'ining birinchi o'rinbosari Madinaxon Safarova boshchiligida mahallalarda fuqarolar yig'ini mutasaddilari bilan uchrashib, bu bo'yicha aholi o'rtasida turli uchrashuv va davra so'hbatlar tashkil etilayotir.
Madinaxon Safarovaning bizga bergan ma'lumotiga ko'ra, 2020 yilda birgina Qal'acha mahallasida 2 ta ajrim qayd etilgan bo'lsa, o'tgan yili bu ko'rsatgich 7 tani tashkil etgan. Ya'ni ajrimlar mahalada sezilarli darajada oshgan.
Qal'acha mahallasida tashkil etilgan uchrashuvda mazkur holatning kelib chiqishi va sabablari aholi bilan birgalikda muhokama etildi.
- Oilaviy ajrimlarning asosiy sababi yosh oilalar hayotiga uchinchi tarafning aralashuvi omil bo'lmoqda, ya'ni yosh oilalar o'z fikri va o'zaro hamjihatligida hayot kechirishmayapti. Oiladagi kelib chiqayotgan nizolar asosan oilaviy hayotga boshqa shaxslarning aralashuvi sabab yuzaga kelmoqda. Ayni shu holatlarni mahallalarda va har bir oilada oldini olish bo'yicha bizdan mustahkam hamkorlikda faoliyat borishni taqozo etyapti, - deydi Madinaxon Safarova.
Qal'acha mahallasida bo'lib o'tgan tadbirda ushbu holatlarga tanqidiy baho berilib, joriy yil davomida ajrimlarni oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi va joriy yilning ish rejasi dasturiga ushbu yunalishdagi profilaktik ishlarini kuchaytirish borasida targ'ibot-tashviqot ishlarini mustahkam hamkorlikda olib borilishi kabi aniq harakatlar majmui kiritildi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati