Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 22 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

JINOYAT ISHI BO’YICHA DASTLABKI ESHITUV

×

 2021-03-26 09:53:12    203

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 fevraldagi “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi 675-sonli Qonunining 2-moddasida Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat ishi bo’yicha dastlabki eshituv instituti kiritildi.

Bunga asosan, dastlabki eshituv quyidagilar uchun asoslar mavjud bo’lgan taqdirda o’tkaziladi:

1) jinoyat ishi bo’yicha ish yuritishni to’xtatib turish;

2) jinoyat ishi bo’yicha ish yuritishni tugatish;

3) jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo’sindagi majburlov chorasini qo’llash to’g’risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish;

4) JPKda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlarini birlashtirish;

5) nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash to’g’risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo’lsa, ushbu dalillarni chiqarib tashlash.

Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida o’tkaziladi.

Taraflarni sud majlisiga chaqirish to’g’risidagi bildirish dastlabki eshituv o’tkaziladigan kunga qadar kamida uch sutka oldin yuborilgan bo’lishi kerak.

Sud majlisida ayblanuvchi, uning himoyachisi va davlat ayblovchisi ishtirok etishi shart.

Dastlabki eshituv ayblanuvchi yo’qligida uning iltimosiga ko’ra yoki basharti sud muhokamasini JPKning 410-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda o’tkazish uchun asoslar mavjud bo’lsa, taraflardan birining iltimosiga ko’ra o’tkazilishi mumkin.

O’z vaqtida xabardor qilingan jabrlanuvchining va uning vakilining, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgarning hamda ular vakillarining sud majlisiga kelmaganligi dastlabki eshituvni o’tkazish uchun monelik qilmaydi.

Raislik qiluvchi dastlabki eshituv bo’yicha sud majlisini belgilangan vaqtda ochadi.

Raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, kimlar davlat ayblovchisi, himoyachi, sud majlisining kotibi ekanligini e'lon qiladi.

Raislik qiluvchi ayblanuvchining shaxsini aniqlaydi. Keyin raislik qiluvchi, agar jinoyat ishi bo’yicha ish yuritishda ishtirok etayotgan bo’lsa, ayblanuvchining qonuniy vakilining, jabrlanuvchining, uning vakilining shaxsini aniqlaydi.

Raislik qiluvchi sud majlisi ishtirokchilariga ularning sudyani, davlat ayblovchisini, sud majlisi kotibini va sud majlisining boshqa ishtirokchilarini rad qilish huquqlarini tushuntiradi. Bildirilgan rad qilishlarni sud JPKning 80-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qiladi.

Raislik qiluvchi ayblanuvchidan, shuningdek sud majlisiga chaqirilgan shaxslardan iltimoslari bor-yo’qligini so’raydi.

Dastlabki eshituvni o’tkazish raislik qiluvchining ma'ruzasi bilan boshlanadi, ma'ruzadan keyin u sud majlisida hozir bo’lganlarni eshitadi. So’ngra jinoyat ishiga doir materiallar tekshiriladi.

Agar bir taraf nomaqbul dalilni chiqarib tashlash to’g’risida iltimosnoma bergan bo’lsa, sudya boshqa tarafdan unda mazkur iltimosnomaga qarshi e'tirozi bor-yo’qligini surishtiradi. E'tirozlar mavjud bo’lmagan va dalillarni nomaqbul deb e'tirof etish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo’lgan taqdirda sudya iltimosnomani qanoatlantiradi.

Taraflarning qo’shimcha dalillarni talab qilib olish to’g’risidagi iltimosnomalari, agar ushbu dalillar ish uchun ahamiyatli bo’lsa, qanoatlantirilishi kerak. Shundan so’ng davlat ayblovchisining va himoyachining dastlabki eshituvda hal etilayotgan masalalar yuzasidan fikri eshitiladi. Davlat ayblovchisining va himoyachining fikrini eshitgach, raislik qiluvchi ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi, ushbu ajrim sud majlisida o’qib eshittirilishi kerak.

Agar jinoyat ishi bo’yicha dastlabki eshituvni o’tkazish chog’ida ayblanuvchining yashiringanligi aniqlansa, sudya ushbu ayblanuvchiga nisbatan ish yuritishni to’xtatib turish va unga nisbatan qidiruv e'lon qilish to’g’risida ajrim chiqaradi, bundan JPKning 410 va 418-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bir vaqtning o’zida ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini o’zgartirish masalasi hal etiladi.

Ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishini istisno etadigan og’ir va davomli kasallikka chalinganligi sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda, sudya ishni yuritishni ayblanuvchi sog’ayguniga qadar to’xtatib turish to’g’risida ajrim chiqaradi.

Jinoyat ishi bo’yicha ish yuritish uning to’xtatib turilishiga sabab bo’lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin qayta tiklanadi.

Jinoyat ishi bo’yicha ish yuritishni qayta tiklash to’g’risida sudya ajrim chiqaradi.

Ayblanuvchi, himoyachi va davlat ayblovchisi jinoyat ishi materiallaridagi har qanday dalilni, agar ularni nomaqbul dalillar deb hisoblasa, chiqarib tashlash to’g’risida iltimosnoma berishga haqli.

Iltimosnoma jinoyat ishi sudga ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi bilan birga yuborilganidan keyin, ayblov dalolatnomasining yoki ayblov xulosasining ko’chirma nusxasi olingan kundan e'tiboran uch sutka ichida berilishi mumkin.

Iltimosnomaning ko’chirma nusxasi ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga, shuningdek jabrlanuvchiga iltimosnoma sudga taqdim etilgan kunda yuboriladi.

Dalillar qonunga xilof usullar bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilgan yoki ularning huquqlarini cheklagan yoxud JPKning talablarini buzgan holda olinganligiga asoslangan holda ularni chiqarib tashlash to’g’risida himoya tarafi tomonidan berilgan iltimosnomani ko’rib chiqish chog’ida himoya tarafi taqdim etgan vajlarni rad etish prokurorning zimmasida bo’ladi. Qolgan hollarda buni isbotlash vazifasi iltimosnoma bergan tarafning zimmasida bo’ladi.

Agar sud dalilni chiqarib tashlash to’g’risida qaror qabul qilsa, mazkur dalil yuridik kuchini yo’qotadi va u hukmga yoki boshqa sud qaroriga asos bo’lishi, shuningdek sud muhokamasi jarayonida bu dalilni tekshirish va undan foydalanish mumkin emas.

Ishni mazmunan ko’rish davomida ilgari nomaqbul deb topilgan va chiqarib tashlangan dalilni maqbul deb topish masalasi taraflarning iltimosnomasiga asosan ko’rib chiqilishi mumkin.

Sudya jinoyat ishining sud tomonidan ko’rib chiqilishiga doir to’sqinliklarni bartaraf etish uchun uni taraflarning iltimosnomasiga ko’ra yoki o’z tashabbusi bilan quyidagi hollarda prokurorga yuboradi, agar:

1) ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi JPKning talablari buzilgan holda tuzilgan bo’lsa va bu mazkur ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi asosida sud tomonidan hukm yoki boshqa qaror chiqarish imkoniyatini istisno etsa;

2) tibbiy yo’sindagi majburlov chorasini qo’llash to’g’risidagi qaror bilan birga sudga yuborilgan jinoyat ishi bo’yicha ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tuzish zarurati bo’lsa;

3) jinoyat ishlarini birlashtirish uchun JPKning 332-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo’lsa;

4) ayblanuvchi jinoyat ishi materiallari bilan tanishish chog’ida unga JPKning 375 va 38113-moddalarida nazarda tutilgan huquqlar tushuntirilmagan bo’lsa;

5) ayblov dalolatnomasida yoki ayblov xulosasida, jinoyat ishini tibbiy yo’sindagi majburlov chorasini qo’llash uchun sudga yuborish to’g’risidagi qarorda bayon etilgan haqiqiy holatlar ayblanuvchining, o’ziga nisbatan tibbiy yo’sindagi majburlov chorasini qo’llash to’g’risida ish yuritilayotgan shaxsning xatti-harakatlarini og’irroq jinoyat, ijtimoiy xavfli qilmish sifatida malakalash uchun asoslar mavjudligidan dalolat bersa yoki bunday holatlar mavjudligi dastlabki eshituv jarayonida aniqlangan bo’lsa.

Dastlabki eshituv vaqtida JPKning 392-moddasida nazarda tutilgan, jinoyat ishi kelib tushganidan keyin yuzaga kelgan asoslar aniqlangan taqdirda, sudya o’z tashabbusi bilan yoki taraflarning iltimosnomasiga ko’ra jinoyat ishlarini bitta ish yurituvga birlashtirish to’g’risida qaror qabul qilishga haqli.

Ajrim chiqarilgan yoki ish apellyatsiya instantsiyasi sudidan qaytgan paytdan e'tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay uni chiqargan sud tomonidan ijro etiladi.

X.Xoliqov - Jinoyat ishlari bo’yicha

                    Farg’ona tuman sudining sudyasi                                            

P.Djo’rayev - Jinoyat ishlari bo’yicha

                    Farg’ona tuman sudining



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram