XALQ DEPUTATLARI SO'X TUMANI KENGAShINING NAVBATDAGI SESSIYaSI BO'LIB O'TDI
2020-12-11 15:46:27 168
XALQ DEPUTATLARI SO'X TUMANI KENGAShINING NAVBATDAGI SESSIYaSI BO'LIB O'TDI
Bugun So'x tumani hokimligi majlislar zalida oltinchi chiqiriq Xalq deputatlari So'x tuman Kengashining navbatdagi o'n to'qqizinchi sessiyasi bo'lib o'tdi. Sesiyaga “3-Rovon” saylov okrugi deputati Jumayev Masudjon Marufjonovich raislik qildi va olib bordi.
10 dekabrь - O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati suverenitetimiz ramzi bir ovozdan ijro etildi.
Sessiya ishida viloyat va tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining o'rinbosarlari, tuman sektor rahbarlari, kun tartibiga kiritilgan masalaga aloqador tashkilotlar rahbarlari hamda tuman ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Farg'ona viloyati hokimining o'rinbosari Xatamov Jamshed Muxtorovich ham ishtirok etdi.
Tuman Kengashi deputatlari orasidan prezidium a'zolari etib, So'x tumani hokimi S. Sayidmusayev, deputatlar I. Mastonov, R. Hakimova hamda sessiya kotibligiga “12-Chumoqcha” saylov okrugidan deputat Rasulxon Qoziyev saylab olindi.
Barchamizga ma'lumki, O'zbekiston xalqi buyuk o'zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Dunyo nigohi bugun yurtimizga qaratilgan, chunki u yangi O'zbekistonni kashf etmoqda. Davlatimiz rahbari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini eng buyuk qadriyatga aylantirishni, har bir fuqaro o'z hayotidan rozi bo'lib yashaydigan yangi jamiyat qurishni muhim vazifa deb belgilab berganlar.
Bundan tashqari Xalq deputatlari Kengashlarining kengaytirilgan yig'ilishlarida tuman, shahar va viloyat hokimlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bu borada amalga oshiriladigan ishlar, rejalar, kutilayotgan natijalar yuzasidan murojaatlari tinglanib, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritib kelinmoqda.
Shu bois, sessiya ishida So'x tumani hokimi Sayidmusayev Sayidbahrom Sayidburhonovichning tuman Kengashi oldida 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari bo'yicha hisoboti, shuningdek, kelgusi yilgi rejalariga bag'ishlangan “Aholiga murojaati” o'qib eshittirilishi rejalashtirilgan edi.
So'x tumani hokimi S. Sayidmusayev sessiya ishida so'z olib, 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yilgi rejalar bo'yicha nutq so'zladi. Shuningdek, tuman hokimi “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” doirasida amalga oshirilgan ishlar, mehnat muhojirlarni qaytarish borasidagi ishlar, ularni ish bilan ta'minlash va o'z salohiyatlarini ro'yobga chiqarishga qulay sharoit yaratish borasidagi ishlarga, amalga oshirilgan ishlar natijasida aholi turmush darajasini oshirish, hayotini yaxshilash borasida erishilgan yutuqlarga ham alohida to'xtalib o'tdi.
Tuman hokimining murojaatidan kelib chiqib, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari S. Nishonov, Q. Amirbekovlar o'zlarining savol va takliflarini bildirdilar.
Sessiya kun tartibidagi masala bo'yicha qabul qilingan qaror loyihasi deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi. Shuning bilan, Xalq deputatlari So'x tumani Kengashining navbatdagi o'n to'qqizinchi sessiyasi o'z ishini yakunladi.
Sessiyadan so'ng, tuman hokimi, uning o'rinbosarlari, sektor rahbarlari, mas'ul bo'lim va tashkilot rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda mahalliy blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o'tkazildi. Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan barcha savollarga tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev javoblar berdi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati