MILLIY ARMIYaMIZ – TINChLIGIMIZ KAFOLATI
2020-12-05 16:11:23 346
MILLIY ARMIYaMIZ – TINChLIGIMIZ KAFOLATI
Armiya va xalq birdamligi So'x tumanida alohida ta'rifga xos desak, mubolag'a emas. Chunki tumanda ikkita harbiy qism joylashgan va bevosita mahallalar va jamoat tashkilotlari bilan harbiy qismlarning mustahkam hamkorligi yo'lga qo'yilgan. Mustahkam hamkorlik samarasi o'laroq, tumanda turli xil tadbirlar, uchrashuv va ma'naviy-ma'rifiy tantanalar o'tkaziladi. Bugun tuman markazida 8 dekabrь – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag'ishlab “Yangi O'zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri o'tkazildi. Tadbirda tumandagi harbiy qismlarda faoliyat olib borayotgan askar va zobitlar, uyushmagan yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida maydonga Davlatimiz bayrog'ini ko'targan otliqlar va bir nizomda saf tortgan askar va zobitlar kirib kelishdi. Maydon uzra Vatanimizaning madhiyasi yangradi.
Tadbirda so'z olganlar, eng avvalo Prezidentimiz, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qumondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning harbiy qudratiga berilayotgan e'tibori, bugungi kunda milliy armiyamiz safida ona-Vatanimiz tuprog'ini himoyalashdek mas'ul vazifani o'ziga shior qilib olgan jasur ofitser-serjantlar, askar va zobitlar, Sux tumani tuprog'ini himoyalashda tunu kun farzandlik burchini ado etayotgan o'g'lonlar haqida gapirishdi.
Tadbir davomida tumanimizda joylashgan harbiy qismlar askar va zobitlari tomonidan namoyish etilgan harbiy-o'quv mashqlari tadbirda ishtirok etgan yoshlar qalbida Vatanga nisbatan bo'lgan mehr-muhabbatni yanada mustahkamladi desak, aslo mubolag'a emas. Kinologlarning chiqishi ham tadbirga ko'tarinkilik baxsh etdi. So'xlik yosh sportchi o'g'il va qizlar – karatechi va bokschilar ham o'z mahoratlarini tadbir ishtirokchilariga namoiysh etishdi.
Maydon uzra ko'rgazmaga qo'yilgan milliy armiyamizning salohiyati va qudrat timsoli bo'lgan qurol-aslahalarni yoshlar maroq bilan tomosha qilishdi. Harbiy mutaxassislar tomonidan yoshlarga har bir qurol-aslahalarga doir kerakli ma'lumotlar berildi.
Aytish mumkinki, tuman hokimligi va harbiylar hamkorligida tashkil etilgan bu tadbir bizning millatga xos qadriyatlarni yoshlar hayotida mustahkam o'rin olishida katta ahamiyatga ega.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati