Karantin cheklovlari va tartibiga rioya etish – himoyaning asosiy vositasidir
2020-07-18 15:58:11 200
Karantin cheklovlari va tartibiga rioya etish – himoyaning asosiy vositasidir
Koronavirus pandemiyasini kirib kelishi va bu kasallikning tarqalishini oldini olish bo'yicha viloyatimizning chekka tumani - Suxda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Tuman hokimligi, ichki ishlar, ma'naviyat va ma'rifat va madaniyat bo'limi xodimlarining hamkorlikda olib borayotgan say-harakatlari o'zining ijobiy samarasini bermoqda.
Barchamizga ma'lumki, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, shanba va yakshanba kunlari (18-19 iyulь va 25-26 iyulь) respublika miqyosida avtotransport vositalari, shu jumladan, yo'nalishsiz taksilarning harakati to'liq to'xtatiladi. Biz ham ushbu tartib tuman aholisi tomonidan qay darajada bajarilayotganligini o'rganish maqsadida tumanning birinchi sektori hududiga tashrif buyurdik.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, bugun Sux tumanining barcha mahallalarida, ayniqsa, mahallalarning kirish qismida blok-postlar o'rnatilgan va vaz'iyat qattiq nazorat ostiga olingan. Sayyor radiostudiyalar orqali olib borilayotgan targ'ibot-tashviqot ishlari ham natijasiz qolmayapti.
-“Bugun vahimaga tushmasdan, balki o'zimizni o'zimiz himoya qilishimiz zarur. Kuni kecha Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan hukumat videoselektorida ham ogohlik va hushyorlik, aql bilan yo'l tutish, temir intizom, karantin tartib-qoidalariga qattiq rioya etish Yurtboshimiz tomonidan alohida ta'kidlandi. Koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo'yicha har birimiz astoydil mehnat qilishimiz va faoliyat olib borishimiz zarur”,-deydi Sux tuman ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i Gulshanjon Ibragimov.
Tuman ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i Gulshanjon Ibragimov va yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha Sux tuman hokimi o'rinbosari Bobosodiq Latipov bilan tashkil etilgan o'rganish natijasi shuni ko'rsatmoqdaki, tumanimiz hududida fuqarolar joriy etilgan karantin tartib-qoidalariga rioya etibgina qolmasdan, balki targ'ibot-tashviqot ishlarida bevosita ishtirok etishmoqda. Mahallalarda o'rnatilgan blok-postlar qattiq nazorat rejimida ishlayotganiga guvoh bo'ldik. Har bir harakatlanayotgan avtomobilь ro'yxatga olinib, dezinfektsiya qilinmoqda. Zararsizlantirish uchun kerak bo'ladigan zaruriy moddalar ham tuman SEOM mutasaddiylari tomonidan yetkazib berilgan.
Albatta, qilinayotgan ishlarning barchasi fuqarolarimiz salomatligini ko'zlab ularga sog'lom turmush tarzini yaratib berish uchun amalga oshirilmoqda. Agar har birimiz karantin tartib-qoidalariga qattiq rioya etsak, birgalikda harakat qilsak, boshimizga kelgan bu oftani albatta yengamiz. Prezidentimiz ta'biri bilan aytadigan bo'lsak - “Biz bu sinovdan, albatta, munosib o'tamiz”.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati