O'RGANIShLAR DAVOM ETMOQDA
2020-12-02 19:13:44 186
O'RGANIShLAR DAVOM ETMOQDA
Barchamizga ma'lumki, So'x tumanida Prezidentimizning 4798-sonli qarori asosida barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qishloq xo'jaligida olib borilayotgan ishlar e'tirofga loyiqdir.
Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarovning topshirig'iga asosan tumanda qishloq xo'jaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni kuchaytirish, 2021 yilda tumanda meva-sabzavotchilik va chorvachilik sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish bo'yicha amalga oshirilishi dolzarb bo'lgan vazifalarning ijrosini ta'minlash, qishloq xo'jaligi yo'nalishida loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynatyogan muammo va kamchiliklarni o'rganib, yechimi bo'yicha amaliy ko'mak ko'rsatish maqsadida tumanimizga viloyat ishchi guruhi tashrif buyurdi.
– Bizning asosiy maqsadimiz amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini sarhisob qilish va albatta, muammoga duch kelgan tadbirkorlar bilan bevosita uchrashib, mummolarini o'rganib, ularga bevosita viloyat hokimi ko'magida amaliy yordam ko'rsatishdan iborat,- deydi ishchi guruh rahbari, Agrosanoat agentligining Farg'ona viloyatidagi vakili Sanjarbek Ergashev.
Ishchi guruh tarkibidagi viloyat banklari bo'lim boshliqlari, agrosanoat majmui vakillari, moliya, soliq, iqtisodiyot, investitsiya, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, bandlik, “Ermulkkadaastr”, “Sirdaryo-Sux” ITHB, fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mas'ul xodimlari tumanda qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishishdi.
Tuman kichik sanoat zonasida naslli chorvachilik fermasi tashkil etilgan bo'lib, moliyalashtirish ishlari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan amalga oshirilishi lozim. Kredit summasi 1 milliard 240 million so'm bo'lib, bank tomonidan 840 000 000 (400 000 000 so'm o'z mablag'i xisobidan) so'm kredit ajratilishi rejalashtirilgan. “Mulki Ashurali ota” MChJ xodimi Zayliddin Iskandarovning ma'lumotiga ko'ra, ayni kunda kredit mablag'larining bir qismi qoplangan bo'lib, Qirg'iziston Respublikasining O'sh viloyatidan 27 ta naslli qoramol olib kelingan. Ishchi guruh tomonidan qolgan naslli mollarni olib kelinishida bojxonaga oid muammolar aniqlandi va ushbu muammoni viloyat hokimi hamda viloyat bojxonasi boshqarmasiga yetkazildi.
“Guzari omadi Lazina” ishlab chiqarish savdo firmasi tomonidan 1 gektar yer maydonida zamonaviy issiqxona majmo'asi bunyod etilmoqda. Ayni kunda tadbirkorning o'z mablag'i hisobidan 600 milion so'm sarflangan bo'lib, qo'shimcha kredit mablag'lari lozimligi aniqlandi.
“Hazratillo” xususiy ishlab chiqarish savdo firmasi negizida meva-sabzavot klasteri tashkil etilgan va tumanda birinchilardan bo'lib, sig'imi 200 tonna bo'lgan muzlatgich ham bunyod etilayotir. Ishchi guruh tomonidan firmaga qo'shimcha kredit berilishi bo'yicha ma'lumot tayyorlandi va klaster faoliyatini kengaytirish bo'yicha 2021 yilga kiritilgan Dastur asosida ishlar olib boriladi.
- Malbut massivida Prezidentimizning alohida e'tibori va qabul qilingan 4798-sonli qarori tufayli “Sokh oasis trade” mas'uliyati cheklangan jamiyati tarkibida parrandachilik klasteri tashkil etilmoqda. Kredit mablag'lari bo'yicha muammo yo'q, lekin parrandalar parvarishi uchun lozim bo'lgan ichimlik suvi yetishmovchiligi mavjud. Agar ushbu muammoni yechilishida yordam berilsa, mamnun bo'lar edik, - deya ishchi guruh vakillariga yuzlandi MChJ rahbari Oqiljon Ochildiyev. Ushbu muammo ham viloyat darajasida hal etib beriladigan bo'ldi.
Ishchi guruh vakillari tomonidan tumanimizda qishloq xo'jaligi sohasida o'rganish ishlari davom etmoqda.
So'x tumani hokimligi Ahborot xizmati