Majburiy ijro byurosining faoliyati
2020-08-04 19:28:35 416
Majburiy ijro byurosining faoliyati
Byuroning asosiy vazifalaridan biri sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so'zsiz ijrosini ta'minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag'larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiste'molchilik holatlarini oldini olish hisoblanadi.
Davlat ijrochisi:
ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;
ijro hujjatlarining o'z vaqtida, to'liq va to'g'ri ijro etilishi choralarini ko'rishi;
ijro ishi yuritish taraflariga yoki ularning vakillariga ijro ishi yuritish materiallari bilan tanishish, ulardan ko'chirmalar, nusxalar olish imkoniyatini berishi;
taraflarning ijro ishi yuritish borasidagi arizalarini va iltimosnomalarini ko'rib chiqishi, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirgan holda tegishli qarorlar chiqarishi;
agar o'zi ijro ishi yuritish jarayonidan manfaatdor bo'lsa yoki uning beg'arazligiga shubha tug'diradigan boshqa holatlar mavjud bo'lsa, o'zini o'zi rad etishi shart.
Davlat ijrochisining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
Davlat ijrochilari:
Ijro hujjatini ijro hujjatini olgan paytdan e'tiboran bir ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risida qaror chiqaradi va taraflarga yuboradi.
Ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo'zg'atilgan kundan e'tiboran ko'pi bilan o'n besh kun muddat belgilaydi.
Ijro harakatlarini amalga oshirish joyi:
qarzdor jismoniy shaxs bo'lsa, ijro harakatlari uning yashash joyi yoki ish joyida yoxud uning mol-mulki turgan joyda amalga oshiradi. Qarzdor yuridik shaxs bo'lsa, ijro harakatlarini uning organi joylashgan yoki mol-mulki turgan joyda amalga oshiradi. Qarzdor zimmasiga muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatlarining talablari bunday harakatlar amalga oshiriladigan joyda bajariladi.
Ijro harakatlarini amalga oshirish vaqti:
Ijro harakatlari ish kunlarida soat 8.00 dan 22.00 gacha amalga oshiriladi. Ijro harakatlarini sutkaning boshqa vaqtida, shuningdek dam olish va bayram kunlarida amalga oshirishga faqatkechiktirib bo'lmaydigan yoki qarzdorning aybiga ko'ra ularni boshqa vaqtda amalga oshirish mumkin bo'lmagan hollarda yo'l qo'yiladi.
Ijro muddati:
Ijro hujjati ixtiyoriy muddat tugagan kundan e'tiboran ikki oy muddat ichida ijro etilishi kerak.
Ijro hujjatlarining quyidagi talablari darhol ijro etilishi kerak:
alimentlar hamda uch oydan oshmagan ish haqini undirish to'g'risidagi talablar;
qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki qonunga xilof ravishda boshqa ishga o'tkazilgan xodimni ishga tiklash to'g'risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish asosining ta'rifini o'zgartirish to'g'risidagi talablar;
ijro hujjatida bayon etilgan talablar darhol ijro etilishi hujjatda ko'rsatilgan yoki darhol ijro etilishi qonunda nazarda tutilgan hollardagi boshqa ishlarga doir talablar.
Ijro harakatlarini kechiktirish:
Ijro harakatlarini amalga oshirishga to'sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo'lganda davlat ijrochisi ijro harakatlarini qarzdorning arizasiga ko'ra yoki o'z tashabbusiga ko'ra o'n kundan ko'p bo'lmagan muddatga ko'pi bilan ikki marta kechiktirishi mumkin.
Ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o'tganligi majburiy ijro etish choralarini qo'llash uchun asos bo'ladi.
1) undiruvni qarzdorning pul mablag'lariga va boshqa mol-mulkiga qaratish;
2) undiruvni qarzdorning boshqa shaxslarda turgan pul mablag'lariga va boshqa mol-mulkiga qaratish;
21) undiruvni qarzdorning debitorlik qarziga, shu jumladan qarzdor undiruvchi sifatida ishtirok etayotgan ijro hujjati bo'yicha unga tegishli bo'lgan mablag'larga qaratish;
22) undiruvni qarzdorga tegishli bo'lgan alohida mulkiy huquqlarga qaratish;
3) undiruvni qarzdorning ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa turdagi daromadlariga qaratish;
4) ijro hujjatida ko'rsatilgan muayyan ashyolarni qarzdordan olib qo'yish va undiruvchiga topshirish;
5) ijro hujjatining ijro etilishini ta'minlovchi qonunlarga muvofiq ko'riladigan boshqa choralar.
Shuningdek, qarzdor jismoniy shaxsning O'zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklanishi mumkin.
Undiruv quyidagi hollarda qarzdorning ish haqiga yoki boshqa unga tenglashtirilgan to'lovlarga qaratiladi:
davriy to'lovlarni undirish to'g'risidagi qarorlarni ijro etishda;
bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan ko'p bo'lmagan miqdordagi, shu jumladan yig'ma ijro ishi yuritishga birlashtirilgan ijro hujjatlari bo'yicha ushbu miqdordagi pul summasini undirishda;
undirilayotgan summalarni to'liq uzish uchun qarzdorning mol-mulki bo'lmaganda yoki uning mol-mulki yetarli bo'lmaganda.
Ijro hujjatlari bo'yicha undiruv qarzdor jismoniy shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo'lgan yoki uning umumiy mulkdagi ulushi bo'lgan yagona uyga (kvartiraga), agar qarzdor va (yoki) uning oila a'zolari unda doimiy ravishda yashayotgan bo'lsa qaratilmaydi, ijro hujjatida undiruvni mazkur uyga (kvartiraga) qaratish nazarda tutilgan yoxud ushbu mol-mulk majburiyat bo'yicha garov narsasi bo'lgan hollar bundan mustasno.
Ro'yxati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan, qarzdor va uning oila a'zolari normal turmush kechirishi uchun zarur bo'lgan uy anjomlari va jihozlari, kiyimlar hamda boshqa buyumlarga ijro hujjatlari bo'yicha undiruv qaratilishi mumkin emas.
Davlat ijrochilarining qarorlari hamda harakatlari (harakatsizligi) ustidan:
– Yuqori turuvchi organga (Yuqori turuvchi organ tomonidan kasb odobnomasiga rioya qilinishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o'tkazilishi, intizomiy jazo qo'llanilishi, davlat ijrochilarining noqonuniy va asossiz qarorlari bekor qilinishi mumkin).
– Prokuratura organlariga (Prokuratura organlari Byuro xodimlarining xatti harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o'tkazish, jinoyat ishi qo'zg'atish, davlat ijrochisining qaroriga protest keltirish vakolatiga ega).
– Ma'muriy sudga. Davlat ijrochisining qarorini haqiqiy emas, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to'g'risidagi ariza manfaatdor shaxsga o'zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risida ma'lum bo'lgan paytdan e'tiboran o'n kun ichida sudga berilishi mumkin.
– Iqtisodiy sudga. Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo'yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan taraflar tomonidan ijro hujjatini bergan iqtisodiy sudga qaror chiqarilganligi haqida xabar qilingan kundan e'tiboran o'n kunlik muddatda shikoyat berilishi mumkin.
Ariza (shikoyat) berishning uzrli sababga ko'ra o'tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.