ER TO’G’RISIDA QONUNCHILIKDAGI O’ZGARTIRISHLAR
2024-12-21 13:56:39 80
Er to’g’risida qonunchilikdagi o’zgartirishlar
O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida 2024 yil 15 noyabr kuni 997-sonli O’zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilingan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni, yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta'minlashga hamda yer uchastkalari o’zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yerga oid huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta'minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish hamda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning o’z vaqtida oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga va Iqtisodiy protsessual kodeksiga o’zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo’lgan yer uchastkasini qaytarish, o’zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to’g’risidagi ishlar bo’yicha alohida ish yuritilishini nazarda tutuvchi qoidalar bilan to’ldirilgan.
«Davlat boji to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yer to’g’risidagi qonunchilik buzilganligi bilan bog’liq da'volar bo’yicha davlat bojini to’lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo’shimcha kiritilgan.
Ushbu Qonun yer uchastkalaridan samarali va maqsadli foydalanishni ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga, ularni o’zboshimchalik bilan egallab olish va o’zboshimchalik bilan imoratlar qurish holatlarining kamayishiga, yer to’g’risidagi qonunchilik buzilishi bilan bog’liq qilmishlarni sodir etganlik uchun qo’llaniladigan ta'sir choralarining mutanosibligi va yetarliligi prinsiplarini ta'minlashga xizmat qiladi.
Sh.R.Abdullayev - Fuqarolik ishlari bo’yicha So’x tuman sudining raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram