Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 8 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA — INSON SHA'NI, QADR-QIMMATI VA HUQUQLARINING MUSTAHKAM KAFOLATI

×

 2024-12-07 12:16:58    1496

PDF yuklash
Chop etish









Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson sha'ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati

“Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”. Ushbu haqqoniy e'tirof O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabrda imzolagan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida”gi farmoyishda alohida ta'kidlandi.

Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o’tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, shu bilan bir qatorda, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O’zbekistonni barpo etish bo’yicha orzu-umidlari va intilishlari o’z aksini topganini ifoda etadi.

Xalq — davlat hokimiyatining birdan-bir manbai

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992 yil 8 dekabrda O’zbekiston xalqining vakolatli vakillari bo’lmish parlament a'zolari, ya'ni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli o’laroq, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida — to’g’ridan-to’g’ri ovoz berish yo’li bilan qabul qilindi. Shu ma'noda, yangi tahrirdagi O’zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o’zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo’yilgan. Bu norma timsolida O’zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume'tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi printsipi, ya'ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo’yilgan.

Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O’zbekiston — inson sha'ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo’lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro’yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi printsip va g’oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Demokratiyaning talabu taomili va ustunligi ham shunda. Bunda qonun chiqaruvchi va ijro organlaridan inson huquqlarini ta'minlash; demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish; hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlashda parlament rolini oshirish; davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga tatbiq etish masalalariga alohida e'tibor qaratish talab etiladi.

Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!

Yuqorida aytib o’tilgan moddaning ikkinchi bandi birinchi qismida belgilab berilgan O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab amalga oshirilishi to’g’risidagi norma ham aytib o’tilgan fikrlarning tasdig’idir. Hech shubhasiz, ushbu normalar mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini ta'minlashga ham xizmat qiladi.

Mazkur moddaning ikkinchi bandida yana bir umume'tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga ko’ra davlat hokimiyati faqat «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi».

Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning «O’zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin», degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya'ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O’zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

Ushbu normalar talqini asnosida shuni ta'kidlash o’rinliki, insoniyat tajribasi negizida demokratiyaning ikki turi ishlab chiqilgan. Bulardan biri — to’g’ridan-to’g’ri, ya'ni bevosita demokratiya bo’lsa, ikkinchisi — saylangan vakillarning tegishli muassasalari orqali amalga oshiriladigan vakillik demokratiyasidir.

Shunga ko’ra O’zbekistonda boshqaruv davlat hokimiyatining uch tarmoqdan iborat tizimi orqali amalga oshiriladi: Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi, Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijro hokimiyati ularning ijrosini ta'minlaydi, sudlar odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga egadir.

Yangi O’zbekiston — demokratik va huquqiy davlat

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi uchinchi bandida: «Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o’zlashtirish, hokimiyat organlari faoliyatini to’xtatib qo’yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo’ladi», deb belgilangan.

Bu normalar Yangi O’zbekiston demokratik huquqiy davlat hisoblanib, mamlakatda hokimiyat almashishi faqat Konstitutsiya va qonunlar asosida ta'minlanadi, degan tamoyil hayotga tatbiq etilishining kafolatidir. Davlatning huquqiy siyosati insonparvarlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va siyosiy xilma-xillik printsiplariga asoslanadi.

Yangi O’zbekistonda xalqimizning boy tajribasi va madaniy an'analariga asoslangan demokratiya o’rnatilmoqda, bunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va qatlamlari manfaatlari hisobga olinadi. Zo’ravonlikka asoslangan eskicha ma'muriy-buyruqbozlik tizimi qoldiqlari nihoyat barham topdi, ko’ppartiyaviylik, g’oya va fikrlar xilma-xilligi odatiy holga aylanib bormoqda.

O’z navbatida, ushbu konstitutsiyaviy normalar umume'tirof etilgan bir qator printsiplarga ham to’la mos keladi.

Xususan, «Konstitutsiya va qonunlar ustunligi» printsipini olaylik. Davlat organlarining vakolatlari Prezident, parlament yoki hukumatning har xil normativ-huquqiy hujjatlari bilan emas, balki faqat Konstitutsiya va qonunlar bilan belgilanadi. Davlat organlari Konstitutsiya va qonunlarga so’zsiz bo’ysunishi va o’z vakolatlarini shu huquqiy negizdagina amalga oshirishi shart. Bu qat'iy mezon qonun ustuvorligining ham muhim belgisi hisoblanadi. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs tomonidan «davlat hokimiyatining tortib olinishi»ga yo’l qo’yilmaydi.

Shuningdek, insonning siyosiy va boshqa huquq hamda erkinliklarini amalga oshirishi, davlat organlarining demokratik asosda shakllanishini ta'minlash, jamiyatning demokratik siyosiy tizimini shakllantirishga ko’maklashish hamda demokratik institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish kafolatlanadi.


Muzaffarjon Nurmatov - MIB So’x tuman bo’limi boshlig’i




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram