BILASIZMI?
2024-11-05 17:34:21 192
Bilasizmi?
Xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilish
Xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi asosi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarni ishga tiklash haqidagi nizolarni hal qilishda sudlar quyidagilarni nazarda tutishlari lozim:
agar xodim u bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ko’ra, aynan bajarishi shart bo’lgan ishni uddalay olmayotgan bo’lsagina, noloyiqligi bo’yicha u bilan mehnat shartnomasini bekor qilinishiga yo’l qo’yiladi.
Agar xodim uning roziligisiz ishlab chiqarish zarurati bilan yoki ish to’xtab qolganda ish beruvchining tashabbusiga ko’ra vaqtincha o’tkazilgan ishni uddalay olmayotgan bo’lsa, mehnat shartnomasini ishiga noloyiqligi bo’yicha bekor qilinishiga yo’l qo’yilmaydi, chunki xodim o’tkazilgan ish o’rni mehnat shartnomasida ko’rsatilmagan;
xodimning noloyiqligi bajarishi shart bo’lgan, topshirilgan ishni uddalay olmayotganligini isbotlovchi aniq faktlar (tekshiruv dalolatnomalari, bevosita rahbarlik qiluvchisining, nazorat qiluvchining bildirish xatlari, hisobotlar, attestatsiya hujjatlari va ishning past sifatligini, yaroqsiz mahsulot chiqarayotgani, ish hajmini hamda ishlab chiqarish normasini bajara olmayotganini va hokazolarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar) bilan tasdiqlanishi lozim;
agar xodim unga topshirilgan ishni uddalasa, mehnat shartnomasini MK 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi bo’yicha bekor qilishga yo’l qo’yilmaydi.
Attestatsiya komissiyasining xulosasi xodimning malakasi yetarli emasligini tasdiqlovchi dalillardan biri bo’lib, u ish yuzasidan barcha dalillar yig’indisi asosida sud tomonidan baholanadi. Bunda sudlar attestatsiyani o’tkazish bo’yicha o’rnatilgan tartibga rioya etilganini tekshirmoqlari kerak.
O’ktamjon Ergashev - So’x tumani adliya bo’limi bosh maslahatchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram