O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGINING MANFAATLAR TO’QNASHUVI BILAN BOG’LIQ MUNOSABATLARNI TARTIBGA SOLISH SOHASIDAGI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGIDA BELGILANGAN VAKOLATLARI
2024-09-05 16:28:22 297
O’zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligining manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan vakolatlari
Mamlakatimizda davlat muassasalarining, davlat unitar korxonalarining, davlat maqsadli jamg’armalarining va ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo’lgan aktsiyadorlik jamiyatlarining davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarda manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2024 yil 5 iyun kuni O’zbekiston Respublkasining “Manfaatlar to’qnashuvi to’g’risida”gi O’RQ-931-sonli Qonuni qabul qilindi.
Qonunda davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg’armalariga, shuningdek o’z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo’lgan yuridik shaxslarga nisbatan faqat ularning davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga nisbatan tatbiq etililishi belgilandi.
Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritib, O’zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan «Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi O’RQ-419-sonli Qonuniga manfaatlar to’qnashuvi tushunchasi kiritilib, manfaatlar to’qnashuvi deganda, shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o’z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko’rsatayotgan yoxud ta'sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o’rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to’qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo’lgan (ehtimoliy manfaatlar to’qnashuvi) vaziyat tushunilishi belgilangandi.
Mazkur O’zbekiston Respublkasining “Manfaatlar to’qnashuvi to’g’risida”gi qonuniga binoan O’zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq axborotni va materiallarni davlat organlaridan yoki boshqa tashkilotlardan so’rab olish va o’rganish, davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida o’rganish, manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq holatlar aniqlanganda, bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risida davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritadi yoxud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga da'vo kiritish, manfaatlar to’qnashuvini hisobga olish reestrining, mavjud manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi xabarnomaning hamda ehtimoliy manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlash, davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar uchun manfaatlar to’qnashuvini tartibga solish bo’yicha uslubiy tavsiyalarni e'lon qilish, manfaatlar to’qnashuvi natijasida fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning manfaatlariga yetkazilgan zararning o’rni to’liq qoplanishiga erishilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, maxsus bo’linmalar xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni, ularda tegishli ko’nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o’qitishni tashkil etish, ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi qonunchilikka muvofiq manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik bilan bog’liq ma'muriy huquqbuzarlik haqida bayonnomani tuzadi va uni ko’rib chiqish uchun sudga yuborish vakolatlari berildi.
Qonunga asosan maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan O’zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to’qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishda qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qonunda manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’lishi belgilangan.
Shuningdek, qonun bilan O’zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to’qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik, —bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi, xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo’lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma'lum bo’lib qolgan, manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to’qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko’rmaslik, —bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo’lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravaridan o’n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi, ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo’lsa —mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o’ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’lishi haqidagi 1934-moddasi manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik haqidagi ma'muriy javobgarlik bilan to’ldirilgan.
Mazkur qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o’tgach kuchga kiradi.
Umidjon Ergashev - Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram