Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 33 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

CHET DAVLATLAR SUDLARI VA ARBITRAJLARINING HAL QILUV QARORLARINI TAN OLISH VA IJROGA QARATISH MASALALARI

×

 2024-06-05 12:08:43    264

PDF yuklash
Chop etish


Chet davlatlar sudlari va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish masalalari

 

Bugungi kunda dunyo davlatlari rivojlanib borgan sari davlatlarning globallashuv jarayonida o’zaro huquqlarni tan olish va e'tirof etish kun tartibiga chiqmoqda. Shu sababli, dolzarb masalalardan biri chet davlatlar sudlari va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratishda O’zbekiston Respublikasida 1992 yil 20 martda Kiyev shahrida imzolangan «Xo’jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog’liq nizolarni hal etish tartibi to’g’risida»gi Bitim, 1958 yil 10 iyunda Nyu-York shahrida imzolangan «Chet el mamlakatlari hakamlik qarorini e'tirof etish va ijro etish to’g’risida»gi Konventsiya, 1993 yil 22 yanvarda Minsk shahrida imzolangan «Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo’yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to’g’risida»gi Konventsiya, 1954 yil 1 martda Gaaga shahrida imzolangan «Fuqarolik protsessi masalalariga doir Konventsiya», O’zbekiston Respublikasining huquqiy yordam ko’rsatish to’g’risidagi xalqaro shartnomalari, O’zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlarini qo’llaniladi. O’zbekiston Respublikasi mazkur konventsiyalar va xalqaro bitimlarni turli yillarda tan olib, ratifikatsiya yoki implementatsiya qilgan hamda o’z navbatida, milliy qonunchilikka xalqaro normalarni tatbiq qilib kelmoqda.

Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi yuridik shaxsi va O’zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi o’rtasida shartnoma imzolangan taqdirda shartnomaning tegishli bandida nizolarni hal etishda hakamlik sudlarida, xalqaro arbitraj sudlarida yoki shartnoma taraflari joylashgan davlatdagi sudda o’zlari ko’rsatgan huquqiy normalar asosida hal etilishi ko’rsatiladi. Jumladan, shartnoma yuzasidan vujudga keladigan nizolar taraflar ixtiyoriy shartnomada ko’rsatgan sudga murojaat qilib ishni ko’rib chiqish so’raydi. Binobarin, O’zbekistonda mazkur nizolar asosan O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro arbitraj sudida yoki hakamlik sudlarida ko’riladi. Mazkur sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlarni tan olish va ijroga qaratish masalasi O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlari tomonidan hal etiladi. Qarorlarni tan olish va ijroga qaratish shartlari va asoslari O’zbekiston Respublikasida milliy qonunchiligida belgilangan.

Dastlab chet el arbitraji tushunchasiga ta'rif berib o’tish lozim. O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy-protsessual kodeksiga asosan chet el arbitraji deganda chet davlatning taraflar o’rtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat ko’rsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi.

Xorijiy davlatlarning qarorlarni tan olish yoki ijroga qaratish tartibi O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan. Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksining 31-moddasida chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish to’g’risidagi ishlar jumlasiga:

tadbirkorlik faoliyatini va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish chog’ida yuzaga keladigan nizolar bo’yicha chet davlat sudlari tomonidan qabul qilingan qarorni tan olish hamda ijroga qaratish to’g’risidagi;

tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish chog’ida yuzaga keladigan nizolar bo’yicha chet el arbitrajlari tomonidan qabul qilingan qarorni tan olish hamda ijroga qaratish to’g’risidagi ishlar kiradi.

Mazkur kodeksning 248-moddasi 2-qismida chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari iqtisodiy sud tomonidan nizo bo’yicha hal qiluv qarori o’z foydasiga chiqarilgan tarafning arizasi bo’yicha hal etilishi belgilangan.

Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to’g’risidagi arizani ko’rib chiqish vakolati Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga tegishli bo’lganligi sababli ariza mazkur sudlarga, ya'ni javobgar joylashgan hududdagi sudga beriladi.

Chet davlatlar sudlari va arbitrajlari qarorlari qonuniy quchgandan e'tiboran 3 yil mobaynida tan olinishi yoki ijroga qaratilishi mumkin. Agar muddat o’tgan bo’lsa, uni tan olish yoki ijro qaratish rad qilinadi.

Milliy qonunchiligimizda iqtisodiy sudga murojaat qilishda o’ziga xos talab va tartiblar mavjud bo’lib, bu Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan. Mazkur kodeksning 252-moddasida agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1) chet el arbitrajining hal qiluv qarori yoki uning chet davlat yoki O’zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan ko’chirma nusxasi;

2) arbitraj muhokamasi to’g’risidagi bitimning asli yoki uning chet davlatning yoki O’zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan ko’chirma nusxasi;

3) hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi to’g’risidagi hujjat, agar u ilgari tegishli chet davlat hududida ijro etilgan bo’lsa;

4) o’ziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan va protsessda ishtirok etmagan taraf ishni ko’rish vaqti hamda joyi to’g’risida o’z vaqtida va tegishli tartibda xabardor qilinganligini anglatuvchi hujjat;

5) vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat;

6) chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi arizaning ko’chirma nusxasi qarzdorga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;

7) agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to’langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;

8) agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, ushbu moddaning 1 — 5-bandlarida ko’rsatilgan hujjatlarning belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi.

Mazkur toifadagi ishlar haqidagi ariza, agar O’zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan e'tiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko’rib chiqiladi.

Iqtisodiy sud ishni ko’rishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko’rib chiqmaydi. Sud hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi arizani ko’rish natijalari bo’yicha ajrim chiqaradi va sud bergan ijro varaqasi milliy qonunchilikda belgilangan tartibda ijroga qaratiladi yoki huquqlar tan olinadi.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi ish bo’yicha ajrim ustidan bir oy muddatda apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilish yoki prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.

Bugungi kunda mazkur soha muammosi shundaki, bu sohada mavjud konventsiya va bitimlarga butun dunyo davlatlari qo’shilmagan. Konventsiya ishtirokchisi hisoblanmagan davlatda chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari olinmasligi achinarli hol. Shu sababli, bu tizimni soddalashtirish lozim hamda barcha davlatlar tan oladigan yagona xalqaro konventsiya va bitimlar tuzish uni boshqa davlatlarda tan oladigan mexanizmini yaratish yoki mavjud xalqaro konventsiya va bitimlarga ishtirokchi bo’lmagan davlatlarni jalb qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

 

M.Umarov - Farg’ona viloyat sudi sudyasi



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram