KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASH – FUQAROLIK JAMIYATI RIVOJLANTIRISHNING USTUVOR SHARTI
2024-06-04 15:09:12 117
KORRUPTsIYaGA QARShI KURASh – FUQAROLIK JAMIYaTI RIVOJLANTIRIShNING USTUVOR ShARTI
Insoniyat tarixida davlatlar shakllangandan buyon korruptsiya ularni ichdan yemiradigan ijtimoiy illat sifatida vujudga keldi, hokimiyat
va boylik uchun hirslar ta'sirida rivoj topdi. Adabiyotlarda korruptsiya tushunchasiga quyidagicha ta'rif beriladi: “Korruptsiya (lotincha corruptio
– aynish, poraga sotilish) – siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa, davlat funktsiyalarini bajarish vakolatiga ega bo’lgan shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o’z maqomi va u bilan bog’liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishidir”.
Hozirgi davrda korruptsiya muammosiga jahondagi istalgan mamlakatda duch kelish mumkin. Biroq bu korruptsiya hamma joyda bir xil degani emas. Korruptsiyaning yuzaga kelish sabablari hamma joyda turlicha bo’lib, tarixiy davr hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlariga bog’liq bo’ladi.
O’tmishga nazar tashlasak, jahon tarixining turli davrlarida har xil davlatlardagi katta-kichik mansabdorlar tomonidan korruptsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgani, korruptsiyaga qarshi qonunlar qabul qilinib, o’ziga xos jazolar tayinlanganining guvohi bo’lamiz.
Bobil hukmdori Xammurapi qonunlari bu turdagi qonunlarning eng qadimiysidir. Unda, jumladan, agar qozi ishni ko’rib chiqib, hukm chiqarib, muhri bilan hujjat tayyorlasa, keyin esa hukmini o’zgartirsa,
o’z qarorini va ishdagi da'vo miqdorini o’zgartirganlikda ayblanishi va da'vo summasining 12 baravari miqdorida jarima bilan jazolanishi, bundan tashqari, qozilar kengashidan haydalishi va bu lavozimga boshqa qaytmasligi lozimligi belgilab qo’yilgan.
Odil sudlov tizimida korruptsiyani tugatish yuzasidan qadimgi fors davlati – Ahamoniylar saltanatida shafqatsiz jazolar berish orqali kurash olib borilgan. Xususan, tarixchi Gerodotning xabar berishicha,
shoh Kir II ning o’g’li Kambis II davrida taraflarning biridan pora olgani uchun Sisamn ismli sudyaning tiriklayin terisi shilib olinib, o’tirgan kursisiga tortib qo’yilgan hamda uning o’g’li shu vazifaga tayinlangan, toki sudda ish ko’rayotgan chog’ida qaysi kursida o’tirganini unutmasin.
Ana shundan so’ng qadimgi fors sudyalari orasida birorta ham poraxo’rlik holati aniqlanmagan.
O’rta asrlar Rus davlatida Ivan III korruptsiyani qonun asosida cheklab qo’ygan bo’lsa-da, Ivan Grozniy davrida unga qarshi jiddiy kurash olib borilgan. 1556 yilda u mansabdorlarning «tirikchiligi»ni rasman bekor qilgan, mamlakatda tamagirlik va poraxo’rlik uchun o’lim jazosi berila boshlagan. Xususan, bir dyak (knyaz kotibi) belgilanganidan ortiq tangalar va qovurilgan g’oz olgani uchun o’limga hukm qilingan.
O’tgan asrda rivojlangan mamlakatlarda korruptsiya evolyutsiyasining yangi bosqichi boshlandi. Bu davlat boshqaruvining mustahkamlanishi, shuningdek, yirik biznesning rivojlanishi va uning siyosiy tizimga aralashishga urinishlari bilan bog’liq edi. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab esa korruptsiya xalqaro muammo sifatida tan olindi. Korporatsiyalarning chet davlat oliy mansabdor shaxslari bilan til biriktirishi ommaviy tus oldi. Globallashuv bir davlatdagi korruptsiya ko’plab mamlakatlarning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko’rsatishiga olib keldi. «Financial Times» gazetasi 1995 yilni «Korruptsiya yili» deb e'lon qilgan bo’lsa, BMT korruptsiya haqidagi bilimlarni targ’ib qilish maqsadida 9 dekabrni «Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash kuni» deb e'lon qildi.
Aytish kerakki, dunyo davlatlari orasida bu borada Angliya mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani bilan ajralib turadi. Angliyada 1889 yilda «Davlat organlarida poraxo’rlikka qarshi kurashish to’g’risida»gi qonun qabul qilingan bo’lsa, 1906 va 1916 yillarda jamoatchilik ta'siri ostida korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan yana bir qator qonunlar qabul qilingan. Mazkur qonunlarning o’ziga xos xususiyatlaridan biri mansabdor shaxsga jamiyat oldida o’zini aybsiz ekanligini isbotlab berish majburiyatini yuklatilishi hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu mamlakatda doimiy ravishda korruptsiyaga qarshi kurashish borasida yangi mexanizmlar, huquqiy institutlar va maxsus qo’mitalr ta'sis etib kelinmoqda. Jumladan, 1994 yilda «Nolan Qo’mitasi» ta'sis etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Mazkur qo’mita bevosita hukumat va parlament vakillari o’rtasida korruptsiyaviy harakatlarni aniqlash bilan shug’ullanadi.
Germaniyada esa, korruptsiyaga qarshi kurashishning asosini jinoyatchilikning moddiy bazasini bartaraf etish tashkil etadi.
Davlat ushbu maqsadga mustahkam huquqiy baza yaratish orqali erishmoqda. Shuni alohida takidlash kerakki, Germaniya qonunchiligida banklar zimmasiga 20 ming yevrodan ortiq mablag’ bilan bog’liq bank operatsiyalari o’tkazilsa, bu haqida zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish vazifasi yuklatilgan. Qonun banklar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotgan ma'lumotlardan faqat tergov jarayonlarida foydalanishini kafolatlaydi.
Dunyo davlatlari orasida Singapur korruptsiyaga qarshi kurashishda muhim natijalarga erishayotgan davlat sifatida e'tirof etiladi. Singapurda aynan korruptsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish bo’yicha maxsus byuro tashkil etilgan bo’lib, ushbu organ siyosiy va funktsional jihatdan mutlaqo mustaqil hisoblanadi. Mazkur organning korruptsiyaga qarshi kurashishdagi asosiy vazifalari sirasiga davlat va xususiy sektorda korruptsiyaviy harakatlarni tergov qilish va oldini olish hisoblanadi. Shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarida mansab vakolatidan noqonuniy foydalanish, uni suiiste'mol qilish holatlarini tekshirib, to’plangan hujjatlarni tegishli choralar ko’rish uchun mutasaddi tashkilotlarga yuboradi.
Singapurning korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatining bosh g’oyasi
- korruptsiyaviy jinoyat sub'ektlariga korruptsiyaviy harakatlarni sodir etish imkoniyati va manfaat yaratuvchi holatlar hamda sharoitlarni bartaraf qilish hisoblanadi. Bu borada davlat xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy hamda yuridiy shaxslarning mansaabdor shaxslar bilan yuzma-yuz muloqotga kirishmaslik printsipiga tayaniladi. Bu borada Singapur nafaqat Osiyo, balki ko’plab g’arb davlatlariga o’rnak bo’lib kelmoqda. Singapurda oddiy firmani davlat ro’yxatidan o’tkazishdan tortib, to eksport operatsiyalarini amalga oshirish uchun talab etiladigan tegishli rasmiyatchiliklar faqat elektron tarzda amalga oshiriladi. Davlatning xususiy sektor faoliyatiga aralashuvi minimal darajaga yetkazilgan.
Dunyo davlatlarining eng xavfli jinoyat - korruptsiyaga qarshi kurashishi haqida fikr yuritganda, bu borada AQSh boy nazariy va amaliy tajribaga ega ekanligini ta'kidlash joiz.
AQShning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish tarixida
1970 yil iyun oyida «Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy Kengashi»ning tashkil etilgani muhim o’rin tutadi. Mazkur Kengashning eng asosiy vazifasi - uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha umummilliy harakatlar dasturini ishlab chiqishdan iborat bo’lgan.
Aytish kerakki, uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish AQSh Adliya vazirligi rahbarligi ostida amalga oshiriladi. Shuningdek, vazirlik vakolatiga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha milliy strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirishda metadologik rahbarlik qilish ham kiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, korruptsiya makon va zamon tanlamaydigan, davlat boshqaruviga salbiy ta'sir ko’rsatib, jamiyat hayotini izdan chiqaradigan illatdir. Chunonchi, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo’yadigan adolat tuyg’usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e'tibor qaratmoqda.
Prezidentimiz 2018 yil 7 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda so’zlangan ma'ruzasida: “Korruptsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakatt qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo’lmas ekan, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o’rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korruptsiyaga qarshi kurashish bo’yicha o’z ichki dasturlari bo’lishi shart”, deb alohida ta'kidladi.
Shuning uchun ham korruptsiyaga qarshi kurashish har bir mamlakatning asosiy vazifasi, har qanday jamiyat va har bir fuqaroning o’z davlati
va xalqi oldidagi burchidir.
Ergashev Umidjon Xojimamat o’g’li - Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram