Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 33 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

FUQAROLIK SUDLARIDA BEPUL ADVOKAT KIMLARGA BERILADI?

×

 2024-04-05 17:15:35    197

PDF yuklash
Chop etish


Fuqarolik sudlarida bepul advokat kimlarga beriladi?

 

Davlat hisobidan yuridik yordam bu- to’liq yoki qisman davlat hisobidan ko’rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatishi uchun advokat faqat jinoyat ishlari bo’yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jalb etilar edi. Endilikda qonunchilikka bir qator o’zgartirishlar kiritilib, fuqarolik va ma'muriy ishlar bo’yicha ham bepul advokatlar qatnashish joriy qilindi. Bu 2023 yil 16 iyunda qabul qilinib, rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o’tgach kuchga kirishi belgilangan O’zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish to’g’risida”gi qonun bilan mustaxkamlandi.

Ushbu Qonunning 9-moddasiga ko’ra, fuqarolik ishlari bo’yicha da'vogarlar yoki javobgarlar belgilangan tartibda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo’yildi. Ushbu Qonunning 11-moddasiga asosan faqat ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash hamda to’lash to’g’risidagi, ishga tiklash haqidagi, ish haqini undirish to’g’risidagi, alimentlarni undirish haqidagi, uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo’qotgan deb topish va ko’chirish to’g’risidagi, mehnatda mayib bo’lganlik yoki sog’liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchining vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning o’rnini qoplash haqidagi, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarining va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o’rnini qoplash to’g’risidagi ishlar yuzasidan davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatiladi.

Unga ko’ra hozirgi kunda davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilgan. Mazkur advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi http://e-advokat.uz orqali tasodifiy tanlanadi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatgan advokatlar haqidagi ma'lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e'lon qilinadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqidagi so’rov vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali yuboriladi. Fuqarolik ishlari bo’yicha davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo’lgan da'vogarning yoki javobgarning iltimosiga ko’ra fuqarolik ishlari bo’yicha sud tomonidan yuboriladi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqidagi so’rovni yuborishda vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatiladigan jismoniy shaxsning «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida hisobda turganligi haqidagi ma'lumotlar «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi. Agar davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatiladigan jismoniy shaxs «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida hisobda turgan bo’lsa, davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqidagi so’rov vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan «Yuridik yordam» axborot tizimida ro’yxatga olinadi va ko’rib chiqish uchun maxsus vakolatli davlat organiga yuboriladi. Agar jismoniy shaxs «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida hisobda turmagan bo’lsa, davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqidagi so’rov «Yuridik yordam» axborot tizimida ro’yxatga olinmaydi.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish quyidagi hollarda rad etiladi:

davlat hisobidan yuridik yordam olish to’g’risidagi ariza yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqidagi so’rov yuqoridagi Qonun talablariga muvofiq bo’lmaganda;

davlat hisobidan yuridik yordam olish to’g’risidagi ariza jismoniy shaxsning vakili tomonidan uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, jismoniy shaxs va uning vakili o’rtasidagi qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmasdan berilganda;

psixiatriya yordami ko’rsatuvchi psixiatriya muassasasining jismoniy shaxsga psixiatriya yordami ko’rsatilayotganligini tasdiqlovchi ma'lumotnomasi mavjud bo’lmaganda;

xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi bilan bog’liq ish sudda ko’rib chiqilayotganligi to’g’risidagi ma'lumotnoma mavjud bo’lmaganda;

jismoniy shaxs (uning vakili) tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yolg’on yoki noto’g’ri axborot mavjud bo’lganda;

jismoniy shaxsga ilgari fuqarolik ishlari yoki ma'muriy ishlar bo’yicha ayni o’sha taraflar o’rtasidagi nizo yuzasidan ayni o’sha predmet to’g’risidagi va ayni o’sha asoslar bo’yicha huquqiy himoyaning barcha vositalari qo’llanilgan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatilgan bo’lsa (bundan yangi ochilgan holatlar bo’yicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini qayta ko’rib chiqish hollari mustasno).

Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish rad etilgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi davlat hisobidan yuridik yordam olish to’g’risida ariza bergan jismoniy shaxsni yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish haqida so’rov yuborgan vakolatli organni (mansabdor shaxsni) rad etish sabablarini ko’rsatgan holda xabardor qiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish rad etilganligi ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Qonunga ko’ra, davlat hisobidan yuridik yordamni moliyalashtirish O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Agar fuqarolik ishlari bo’yicha sudning hal qiluv qarori davlat hisobidan yuridik yordam olgan jismoniy shaxsning foydasiga qabul qilingan bo’lsa, sud ikkinchi tarafdan advokatning yordamiga haq to’lash bo’yicha davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish bilan bog’liq xarajatlarni qonunchilikda belgilangan miqdorda O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti foydasiga undirib oladi, bundan ikkala taraf ushbu Qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo’lgan shaxslar deb e'tirof etilgan hollar mustasno. Jismoniy shaxs o’zining davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo’lgan jismoniy shaxslar toifalaridan biriga kiritilishi maqsadida yolg’on yoki chalg’ituvchi ma'lumotlar taqdim etganligi fakti aniqlangan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam ko’rsatish bilan bog’liq barcha xarajatlarning o’rni yuridik yordam olgan jismoniy shaxs tomonidan qoplanadi.

Xulosa qilib aytganda bepul yuridik yordam ko’rsatish imkoniyatlarini kengaytirilishi va shaffoflashtirilishi fuqarolarga odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

U.N.Oripov - Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudining raisi



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram