Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 42 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

“OLAM NURGA TO’LSIN SEN BILAN, NAVRO’Z!”

×

 2024-03-18 17:23:40    308

PDF yuklash
Chop etish


“Olam nurga to’lsin sen bilan, Navro’z!”

Bugun So’x tumanining markaziy o’yingohida Navro’z umumxalq bayramiga bag’ishlangan tantanali tadbir bo’lib o’tdi. “Olam nurga to’lsin sen bilan, Navro’z!” g’oyasi ostida bo’lib o’tgan bayram tadbiriga nuroniy otaxon va onaxonlar, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lgan xotin-qizlar, mehnat faxriylari, mahalla faollari, yoshlar taklif qilindi.


Qo’shni Qirg’iziston Respublikasi Batken tumanidan tashrif buyurgan mehmonlarni tuman hokimi va boshqa rasmiy vakillar kutib oldilar. Tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo’limi xodimlari tomonidan tayyorlangan bahoriy taom – sumalak, ko’k somsalar, chalpak, pishiriqlar va bayram kompozitsiyalaridan bahramand bo’lgan mehmonlar mahallalar mutasaddilari tayyorlangan bayram ziyofatidan ham benasib qolishmadi.


Tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari ham bayramga ko’tarinki kayfiyat bilan kelganliklari qo’shni Qirg’iziston vakillarini ham xushnud etdi. Mehmon – Batken tumani hokimi Uchkunbek Jorobayevga kitob hadya qilindi.      

 

Bahoriy taom – sumalak pishirayotgan xotin-qizlar davrasida bo’lgan mehmonlar bayram doshqozoni atrofida ko’shiq ko’ylab raqsga tushayotgan xotin-qizlarga qarsak chalishdi. Sumalak atrofida So’x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev va Batken tumani hokimi Uchkunbek Jorobayevlar ikki qardosh xalq do’stligi tobora mustahkamlanib borayotgani va milliy bayram Navro’z ham tinchlik elchisi ekanligini ta'kidladilar.

 

Mayin bahoriy navo bilan boshlangan bayram tadbiri katta tantanaga aylanib ketdi. Barcha So’xliklarni Navro’z bayrami bilan tabriklab, tuman xokimi Sayidbahrom Sayidmusayev barcha ishtirokchilarga o’zining samimiy tilaklarini bildirdi.


Navro’z mehr-oqibat, do’stlik rishtalarini mustahkam bog’lovchi azaliy qadriyat sanaladi. Navro’z bayramida ishtirok etgan Qirg’iziston Respublikasi Batken tumani hokimi Uchkunbek Jorobayev ham o’z so’zida ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli tobora mustahkamlanib borayotgan do’stlik rishtalari haqida gapirdi. Do’stlik ramzi sifatida esdalik sovg’alari ulashildi.


Darhaqiqat, bugun qo’shni Respublikalar o’rtasida yanada mustahkamlanib borayotgan do’stlik rishtalari strategik hamkorlik va iqtisodiy rivojlanishga ham o’zining ijobiy ta'sirini ko’rsatadi. O’zaro do’stlik va hamjihatlik bayram sahnasida ham ikki qardosh xalqning o’yin-kulgu va raqslarida namoyon bo’ldi.            


Bayram tabrigidan so’ng ishtirokchilarga tuman madaniyat markazi xodimlari tomonidan tayyorlangan bayramona kontsert dasturi namoyish etildi. San'at g’unchalari va So’xlik san'atkorlar o’z qo’shiqlari bilan tomoshabinlar kayfiyatiga ko’tarinkilik bag’ishladi.


Qo’shni Qirg’iziston respublikasi va viloyatimizdan tashrif buyurgan san'at ustalari o’z ijrolari bilan tomoshabinlar kayfiyatiga ko’tarinkilik bag’ishladilar. Do’stlik tarannum etgan qo’shiqlar sadosi ostida barcha raqsga tushib, bayram shukuhiga fayz qo’shishdi.   

 

Bayram tadbirida ishtirok etgan bolajonlar, mahalla fuqarolar yig’inlaridan taklif qilingan nuroniylar va xotin-qizlar ham bayram shukuhidan bahramand bo’ldilar. Bayram sahnasida ijro etilgan har bir qo’shiq va ayniqsa, tuman folklor jamoasining bayramona tayyorlagan kompozitsion dasturi barchani raqs tushish va xursandchilik qilishga chorladi.

 

Yosh musavvirlar va kashtachilarning mahorati ham sahna uzra barcha ishtirokchilarga namoyish etildi. Bayramon bezatilgan sahnaning to’ridan joy olgan nuroniy otaxonlarga ham bayram maydonida yangragan ko’y-qo’shiqlar o’zgacha kayfiyat hadya etdi.


Tadbir yakunida tuman hokimligi hovlisida ikki qardosh xalq do’stligi ramzi sifatida mevali daraxt ko’chati o’tqazildi. So’x va Batken tumani hokimlari tomonidan o’tqazilgan yangi ko’chat oldida ezgu tilaklar bildirilib, duolar qilindi.   


Darhaqiqat, Navro’z yangilanish, yosharish bayramidir va yurtimizga kelgan bahor va milliy bayramimiz Navro’zi olam barchani obodlik, ozodalik sari intilishga chorlaydi. Iloyim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz boqiy, istiqlolimiz abadiy va xalqimizning tinchligi hamda totuvligi har doim barqaror bo’lsin.


So’x tumani hokimligi Axborot xizmati











Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram