Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 36 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

OILA QONUNCHILIGIDA BOLADAN ALOHIDA YASHAYOTGAN OTA YOKI ONANING OTA-ONALIK HUQUQINI AMALGA OSHIRISH TARTIBI

×

 2024-02-21 14:55:50    252

PDF yuklash
Chop etish


Oila qonunchiligida boladan alohida yashayotgan ota yoki onaning ota-onalik huquqini amalga oshirish tartibi

Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda uning to’laqonli qonunchilik asoslari yaratilgan.

Bola huquqlari kafolatlarining qonunchilik asoslari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, ”Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi, “Vasiylik va homiylik organlari to’g’risida”gi qonunlar va boshqa bir qator qonun hujjatlarida o’z aksini topgan bo’lib, ularda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash; bolaning hayoti va sog’lig’ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish; uning kamsitilishiga yo’l qo’ymaslik; yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ko’maklashish kabi bu boradagi siyosatning ustuvor yo’nalishlari belgilab berilgan.

Xususan, O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 76-moddasida boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi belgilab qo’yilgan bo’lib, bunga ko’ra, boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko’rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta'lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko’rishishiga, agar bunday ko’rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog’lig’iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.

Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to’g’risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo’llaniladi. Ya'ni O’zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida»gi Qonunining 71-moddasiga asosan, davlat ijrochisi qarzdorga muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan o’zini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjati bo’yicha ijro ishi yuritishni qo’zg’atayotganda ularni ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun unga o’n besh kunlik muddat belgilaydi va davlat ijrochisi ijro hujjatining o’zi belgilagan muddatda ixtiyoriy ravishda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Agarda qarzdor ijro hujjatining talablarini davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko’ra ijro etmagan taqdirda, davlat ijrochisi qarzdorga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 1981-moddasi tartibida ma'muriy jazo qo’llaydi, sud hujjatini bajarishdan bo’yin tovlagan taqdirda esa uni jinoiy javobgarlik to’g’risida yozma shaklda ogohlantiradi. Qarzdor shundan so’ng ham ijro hujjatini ijro etishdan bo’yin tovlagan taqdirda, davlat ijrochisi qonunda belgilangan tartibda uni O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 232-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortish choralarini ko’rishligi qonun bilan belgilab qo’yilgan.

Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to’g’risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga o’xshash muassasalardan o’z bolasi to’g’risida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sog’lig’i uchun xavf-xatar bo’lgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 11 sentyabrdagi 23-sonli «Bolalar tarbiyasi bilan bog’liq bo’lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida»gi qarorining 7-bandida, Oila kodeksining 76-moddasiga binoan bolasidan alohida turadigan ota yoki ona bolasi bilan ko’rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta'lim olish masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to’g’risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir.

Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi.

Sud mazkur turkumdagi ishlarni sudda ko’rishga tayyorlash, nizoni hal qilishda ahamiyatga ega va taraflar tomonidan isbotlanishi lozim bo’lgan holatlarni aniqlashi kerak, bunda asosiy e'tiborni aynan bolaning ota-onasi yoxud boshqa tarbiyalaydigan shaxslarning shaxsiy xususiyatlariga, shuningdek bola bilan shu shaxslar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarga qaratish kerak. Bunday ishlar, farzandni tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxslarning vasiylik va homiylik organi tomonidan tegishli tartibda tuzilgan va tasdiqlangan turmush sharoitlarini tekshirish xulosalarini olgandan so’ng ko’rishga tayinlanadi.

Sud mazkur masala yuzasidan nizoni mazmunan ko’rayotganda ota-onaning huquqlari tengligi tamoyili va bola manfaatlarida turli xil holatlarni inobatga oladi. Zaruratga qarab, sud tomonidan sud-psixologik ekspertizasi tayinlanishi lozim, bunday ekspertiza ota-onalar (ulardan biri)ga nisbatan, ahvolni psixologik tahlil qilish (oilaviy mojaro) bo’yicha ham o’tkazilishi mumkin. Biroq sud ekspertizasining xulosasi, vasiylik va homiylik organining xulosasi ham dalillardan biri bo’lib, ishdagi boshqa dalillar yig’indisi bilan birgalikda sud tomonidan baholanishi lozimligini e'tiborga olishi kerak.

Boladan alohida yashayotgan ota-onaning huquqidan kelib chiqqan holda u bilan ko’rishishda, shuningdek voyaga yetmaganning shu ota-ona bilan ko’rishish huquq va manfaatlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqib, sud har bir aniq ishning holatlarini inobatga olib hal qiluv qarorining xulosa qismida ko’rilish tartibini (vaqti, joyi, ko’rishish davomiyligi va h.k) bayon etishi lozim.

Bola bilan ota-onaning ko’rishish tartibini belgilashda bolaning jismoniy va ruhiy sog’lig’i, uning axloqiy kamolotiga ta'sir qiladigan holatlar, bolaning yoshi va sog’lig’ining holati, bolaning ota (ona)ga bog’liqligi va boshqa holatlar inobatga olinadi, Belgilangan ko’rishish tartibi bolaning manfaatiga javob berishi va ijro etish imkoniyati mavjud bo’lishi lozim.

Istisno hollarda, boladan alohida yashayotgan ota-onaning bola bilan ko’rishishi unga zarar yetkazishi mumkin bo’lsa, sud O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasi 2-qismiga muvofiq, ota-onaning huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarning jismoniy va ruhiy sog’lig’iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emasligidan kelib chiqib, sud ota-onaning bola bilan ko’rishish tartibini belgilash haqidagi da'vosini, qabul qilingan qarorda asoslantirgan holda rad qilishga haqli.

Sud alohida turadigan ota yoki onaning bolasini tarbiyalashda ishtirok etish tartibini belgilaydi va bola bilan birga turadigan ota yoki onaga bunga qarshilik ko’rsatmaslik majburiyatini yuklaydi.

Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to’g’risida hal qiluv qarori qabul qilishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onalarning, qonunga yoki sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, boshqa shaxslar ixtiyoridagi bolalarini tarbiyalashlariga monelik qiladigan holatlarni bartaraf etish to’g’risidagi masala ham sudlar tomonidan xuddi shunday hal etilishi lozimligi belgilab berilgan.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz tomonidan navqiron avlodning har tomonlama barkamol bo’lib voyaga yetishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, bugungi kunda bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy bazaning mavjudligi mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ishonchli kafolati bo’lib xizmat qilmoqda.

 

 

A.A.Kasimov - Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudining sudyasi




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram