KONSTITUTSIYANI O’RGANAMIZ
2024-01-26 17:59:49 551
Konstitutsiyani o’rganamiz
Konstitutsiyamizning 20-moddasi: “O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o’zaro huquq va majburiyatlar bilan bog’liqdir.
Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.
Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo’llaniladigan huquqiy ta'sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo’lishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining o’zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.
Fuqarolar va davlat bir-biri bilan munosabatga kirishganda turli huquq va majburiyatlarni oladi. Masalan, fuqarolarga atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish majburiyati bo’lsa, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ro’yobga chiqarish choralarini ko’rishi kerak.
Shuningdek, mazkur moddada insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquqlari faqat sud tomonidan cheklanishi hamda barcha davlat organlarining faoliyati maqsadi inson huquq va erkinliklarinidan kelib chiqishi belgilangan.
Qonunning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro’yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya'ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Aksincha, qonunlar vositasida jamiyat huquqiy jihatdan tartibga solinadi, insonlar hayoti barqarorlashtiriladi va bir maromda ketishi ta'minlanadi.
Mutanosiblik prinsipi ham shu maqsadni ko’zlaydi. Davlat va inson o’rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi. Konstitutsiyaning ushbu moddasida nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etilishi nazarda tutilgan.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram