KONSTITUTSIYANI O’RGANAMIZ
2024-01-16 15:37:41 410
Konstitutsiyani o’rganamiz
Konstitutsiyamizning 23-moddasi: “O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi.
O’zbekiston Respublikasi fuqarosi O’zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to’g’risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g’amxo’rlik qiladi”.
Har bir davlat o’z fuqarosi qayerda bo’lishidan qat'iy nazar, uni himoya qilishga majburdir. Shu nuqtai nazardan, hech bir davlat o’z fuqarosini hududidan majburan chiqarib yuborilishiga yoki boshqa davlatga berishga yo’l qo’ymaydi.
O’zbekiston Respublikasi pasportida ham “ushbu pasport egasi O’zbekiston Respublikasi himoyasidadir”, deb alohida belgilangan.
Fuqaroni o’z mamlakati hududidan chiqarib yuborilishi deganda, uni erki-xohishiga zid ravishda siyosiy, diniy, milliy, mafkuraviy, madaniy va boshqa qarashlari yoki faoliyatini asos qilib yashab turgan mamlakatidan majburiy chiqarib yuborilishini anglatadi. Bundan tashqari, surgun yoki badarg’a kabi jazo chorasi sifatida ham o’z uyini tark etishga majbur qilinishi tushuniladi.
O’z fuqarosini boshqa davlatga bermaslik (non-extradition) deganda, xalqaro huquqda davlat o’z fuqarosini sodir etgan jinoyati uchun boshqa davlatga ushlab bermaslik tushuniladi.
Xorijda yashayotgan vatandosh deganda, O’zbekiston hududidan tashqarida doimiy istiqomat qiladigan yoki ta'lim olish, mehnat qilish, oilaviy va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O’zbekiston fuqarolari, shuningdek chet el fuqaroligini olgan, davlatimizga ma'naviy va madaniy mansublikni his qilgan shaxslar va ularning avlodlari, etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o’zini o’zbekistonlik sifatida anglagan hamda mamlakatimiz bilan har tomonlama aloqada bo’lish xohishida bo’lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tushuniladi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram