KONSTITUTSIYANI O’RGANAMIZ
2023-11-21 14:29:31 315
Konstitutsiyani o’rganamiz
Konstitutsiyamizning 31-moddasi:
“Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo’lish, o’z sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
Har kim yozishmalari, telefon orqali so’zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo’l qo’yiladi.
Har kim o’z shaxsiga doir ma'lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto’g’ri ma'lumotlarning tuzatilishini, o’zi to’g’risida qonunga xilof yo’l bilan to’plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo’lmay qolgan ma'lumotlarning yo’q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo’yishni va ko’zdan kechirishni o’tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo’l qo’yiladi. Uy-joyda tintuv o’tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo’l qo’yiladi”.
Shaxsiy sirlar – bu inson hayotidagi voqealar, faktlar, sharoitlar to’g’risidagi har qanday insonning o’zi ochiqlashni xohlamayotgan va bu ma'lumotlarni boshqalarga ma'lum bo’lmasligidir. Qachonki shaxs bu ma'lumotlarni o’z xohishiga ko’ra ochiqlasa, uning sir tutilish maqomi bekor bo’ladi.
Oilaviy sirlarning shaxsiy sirlardan farqi shundaki, u oilaning bir necha a'zolariga tegishli bo’ladi. Bunda, sir oilaning barcha a'zolari tomonidan emas, balki bir-ikki a'zosi tomonidan ham maxfiy deb topilishi mumkin.
Oilaviy sirlarda ma'lumotlar oilaning barcha a'zolariga yoxud ba'zi birlariga aloqador ham bo’lishi mumkin.
Shaxsga doir ma'lumotlar sifatida insonning bevosita o’ziga taalluqli bo’lgan elektron yoki qog’ozda qayd etilgan ma'lumot tushuniladi. Masalan, shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan yili va joyi, kasbi, fuqaroligi to’g’risidagi ma'lumotlar ular sirasiga kiradi.
Uy-joy daxlsizligi shaxsning uzviy huquqlaridan biri bo’lib, unda tintuv o’tkazish masalasi faqat sud tomonidan hal qilinadi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram