“TOVAR TO’G’RISIDA MA'LUMOT” AXBOROT TIZIMI VA MOBIL ILOVASI ISHLAB CHIQILADI
2023-11-20 09:32:46 325
“Tovar to’g’risida ma'lumot” axborot tizimi va mobil ilovasi ishlab chiqiladi
“Ma'muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident farmoni (PF–108-son, 06.07.2023 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko’ra, raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi monopoliyaga qarshi respublika organi bo’lib, o’z faoliyatida Prezidentga va Senatga hisobdor hisoblanadi.
2023 yil 1 oktyabrdan:
eksklyuziv huquqlar berilgan xo’jalik yurituvchi sub'ektlarning reestri (ro’yxati) joriy etiladi;
Raqobat qo’mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta'sir ko’rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo’lgan sub'ektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste'mol qilishni taqiqlaydi;
raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o’zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda raqobat qo’mitasiga birinchi bo’lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek, “Biz sizni eshitamiz” loyihasi joriy qilinadi.
2023 yil 1 oktyabrgacha raqobat qo’mitasi tizimida korrupsiya holatlariga yo’l qo’ymaslik, ularga oldindan “tashxis qo’yish” va korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan omillarni aniqlash va bartaraf etish bo’yicha ta'sirchan mexanizmlar ishlab chiqiladi.
2023 yil 20 dekabrgacha iste'molchilarga mamlakat iste'mol bozorida muomalada bo’lgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) to’g’risida ma'lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyatini beruvchi “Tovar to’g’risida ma'lumot” axborot tizimi va mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
2025 yil 1 yanvargacha raqobat qo’mitasining tabiiy monopoliya sub'ektlarining tariflarini tartibga solish va nazorat qilish funksiyalari bosqichma-bosqich tashkil etiladigan mustaqil bozor regulyatorlariga o’tkaziladi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram