Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Iyul 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 296 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

TADBIRKOR MANFAATLARINI HIMOYASI MAMLAKAT RAVNAQIGA XIZMAT QILADI

×

 2023-09-26 14:39:07    144

PDF yuklash
Chop etish


Tadbirkor manfaatlarini himoyasi mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi

 

Tadbirkorlik ayni paytda iqtisodiyotning izchil rivojlanishining muhim omillaridan bo’lib, jamiyatimiz ijtimoiy va siyosiy barqarorligining kafolatidir.

Mamlakatimizda tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nafaqat adliya organlari balki sudlar ham faol ishtirok etishmoqda. Ta'kidlash joizki, tadbirkorning buzilgan huquqini sud orqali himoya qilish tamoyili amaldagi qonunlarimizda kafolatlab qo’yilgan. Bu esa o’z o’rnida tadbirkorning kelajakka bo’lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan bog’liq nizolarning mohiyat va mazmuni xilma-xil. Bu xilma-xillik tadbirkorlarning da'volarni ro’yxatga olish haqidagi qonunlarning buzilishidan tortib, faoliyat ko’rsatib kelayotgan tadbirkorning huquqlarini buzgan holda noqonuniy tekshirish o’tkazish, asossiz jarima va moliyaviy ta'sir choralarini qo’llash yoki tuzilgan shartnoma majburiyatlarining bajarmasligi kabilarda ko’rinadi.

Takidlash joizki, bozor iqtisodiyoti tadbirkorlikka asoslangan iqtisodiy tizim bo’lib, bunday sharoitda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatlantiruvchi asosiy kuch sanaladi. Bu esa, o’z navbatida, tovar-pul munosabatlarining yanada rivojlanishiga, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish orqali bozorning tovarga bo’lgan talabini qondirishga xizmat qiladi. Shu bois, qaysi mamlakatda tadbirkorlik faoliyati uchun zarur tashkiliy, huquqiy shart-sharoitlar yaratilgan bo’lsa, shu joyda iqtisodiyotning o’sishi kuzatiladi. Zero, kichik biznes mamlakatning iqtisodiy rivojini ta'minlaydigan muhim omillardan biri xisoblanadi.

Xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilsa, bu tarmoq iqtisodiyotni tanglikdan olib chiqishga qodir lokomotiv bo’la oladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosiy qismini xususiy, davlatga qarashli bo’lmagan sektor bergan taqdirdagina iqtisodiyot haqiqiy erkinlikka erishadi va o’z kelajagiga ega bo’ladi, deb aytsak mubolag’a bo’lmaydi.

So’nggi paytlarda mamlakatimizda bu yo’nalishda bir necha muhim qonun hujjatlari va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida”gi, Qonun hamda “Tadbirkorlik sub'ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi, “Tadbirkorlik sub'ektlarining xo’jalik sohasidagi huquqbuzarliklari uchun moliyaviy javobgarligini erkinlashtirish to’g’risida”gi va “Tadbirkorlik sub'ektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmonlari qabul qilinganligi fikrimizning yorqin ifodasidir.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o’sish tamoyillari, shuningdek, ularga beriladigan imtiyozlar tizimi aniq belgilab qo’yildi. Xususiy korxona to’g’risidagi qoidalar qonun nuqtai nazaridan mustahkamlandi. Tadbirkorlik sub'ektlarini ro’yxatga olish tartibi tubdan yangilandi va soddalashtirildi.

Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va manfatdorligi uchun shart-sharoit yaratish, ularning ishchanlik faolligini oshirish, tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bu sohada qonunchilikni to’g’ri tadbiq etish va ularga qat'iy rioya qilinishi bilan ta'minlanadi.

Tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni buzish bozor munosabatlarining, qonuniy tadbirkorlik faoliyatining, xususan kichik va o’rta biznes korxonalarining, dehqon-fermer xo’jaliklarining, yakka tartibdagi tadbirkorlikning ravnaqiga to’sqinlik qilishini inobatga olgan holda qonunchilik talablariga aniq rioya etish zarur.

Shu o’rinda aytish joizki, shaxs tadbirkorlik bilan shug’ullanar ekan avvalo uning u yoki bu faoliyatini tadbirkorlik deb topish uchun ikki xil xolat mavjud bo’lishi kerak, uning xarakati daromad topishga qaratilgan sistemali ravishda bo’lishi lozim yoki bunday faoliyat asosiy ya'ni kasb faoliyatida amalga oshirishlishi shart.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida»gi qonunda 39-moddasida tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirish cheklangan, ya'ni ushbu qonun talabiga ko’ra, tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq rejali tartibda, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan yiliga ko’pi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.

Tadbirkorlar o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishlari, davlat organlari, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy qarorlari, mansabdor shaxslarning harakat (harakatsizlik)lari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin.

Agar nazorat qiluvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari, auditorlar (auditorlik tashkilotlari) tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirish va taftish qilish munosabati bilan o’zlariga ma'lum bo’lgan, tijorat siri hisoblanuvchi ma'lumotlarni uning egasi ruxsatisiz oshkor etganliklari tufayli yetkazilgan zarar uchun Fuqarolik kodeksiga muvofiq, shuningdek, Jinoyat kodeksining 191-moddasi bo’yicha javobgar bo’lishi mumkin.

Mamlakatimiz qonunchiligida tadbirkorlik faoliyati sub'ektining sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’sini sud orqali himoya qilish belgilangan.

Tadbirkorlik faoliyatining sub'ekti o’z sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi ma'lumotlarga raddiya berilishini talab qilishga haqli.

Agarda, tadbirkorlik faoliyati sub'ektining sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo’lsa, aynan shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Basharti, bunday ma'lumot tashkilotdan olingan hujjatda mavjud bo’lsa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlik sohasidagi fuqarolik va xo’jalik nizolarini, shuningdek jinoyat ishlarini ko’rayotganda sudlar har bir fuqaroning tadbirkorlik bilan shug’ullanish huquqini qat'iy belgilab beruvchi qonunlarga rioya qilinishiga alohida e'tibor qaratishlari kerak. Qonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to’sqinlik qilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari tegishligicha huquqiy baholanishi zarur. Bunday qayriqonuniy harakatlarga, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorni ro’yxatdan o’tkazishni noqonuniy rad qilish, yoki ro’yxatga olishdan bosh tortish, muayyan faoliyat bilan shuqullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berishni rad qilish yoki uni berishdan bosh tortish, bank krediti berishni asossiz rad qilish va boshqalar kiritilishi mumkin.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan chet el fuqarolari yoki yuridik shaxslari, shuningdek fuqaroligi bo’lmagan shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub'ektlaridir.

Tadbirkorlik deganda qonunchilikka muvofiq daromad olishga qaratilgan, huqquiy va jismoniy shaxslar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish yo’li bilan tavakkal qilib va o’z mulkiy javobgarligi ostida amalga oshiriladigan tashabbuskor faoliyatni tushunish kerak.

Xulosa o’rnida aytganda tadbirkorlarni huquq va manfaatlarini himoya qilishda sudlar tomonidan fuqarolik va xo’jalik nizolari, shuningdek jinoyatlar to’g’risidagi ishlarni ko’rishda sudlar qonunbuzarliklar va jinoyatlarning sodir etilishiga imkon bergan barcha sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularga lozim darajada munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq bo’ladi.

 

Inomjon Kuzibayev - FIB Farg’ona tumanlararo sudi rais o’rinbosari

Qodiraliyev Murodjon Yusufjonovich – Farg’ona shaxar adliya bulimi boshlig’i



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram