SO’XGA KELSANGIZ, RAUF-OTA BARPO ETGAN BOG’NI HAM ALBATTA ZIYORAT QILING
2023-07-29 17:03:46 124
So’xga kelsangiz, Rauf-ota barpo etgan bog’ni ham albatta ziyorat qiling
Mabodo So’x tumanining Demursad mahalla fuqarolar yig’iniga yo’lingiz tushib qolsa, albatta, Lazar tog’i etaklarida, so’lim tabiat qo’ynida Rauf-ota So’fiyev bunyod etgan bog’ni albatta ziyorat qiling. Chunki bu bilan Siz eng avvalo Rauf-otani xursand qilgan bo’lasiz.
O’tgan asrning yetmishinchi yillari oxirlarida tog’ etagidagi toshloq yerlarni o’zlashtirishga ahd qilgan Rauf-ota bugun o’zi yetishtirgan mevalardan bahramand bo’lmoqda. Yoshi saksondan o’tgan Rauf-otaning bolaligi mahallasidagi taqir dalada o’tgan.
- Inson biron ishga astoydil bel bog’lasa, albatta, dilidagi niyatiga, orzulariga erishadi. YElkamga ketmon olib ushbu toshloq yerlarga kelgan birinchi kunlarim mening harakatmini so’ndirmoqchi bo’lgan mahalladoshlar ham paydo bo’lishdi. Lekin “harakatdan barakat” degan naqlga amal qilib, farzandlarim va oilam bilan astoydil mehnat qildim. Asosan barpo etilgan bog’ga olma mevasi nihollarini o’tqazganman. Foyda, yoki daromad olish niyatida emas, balki halol mehnat tufayli odamlarga naf keltirish orzusida harakat qilganman. Mehnatim samarasidan eng avvalo odamlar bahramand bo’lishlari kerak. Zotan, yaxshi niyat bilan qilingan savob ishning samarasi bo’lak bo’ladi, - deydi otaxon biz bilan suhbatda.
Engil avtomashinasini sotib ushbu bog’ barpo etilishiga sarflagan Rauf-ota avvallari har bir niholni mehr bilan parvarishladi. Tashib kelingan suv bilan sug’orilgan nihollar ayni kunda o’z mevalari bilan ko’zlarni quvnatadi.
Ikki yil oldin mazkur bog’ hududida tik quduq kavlab, davlat dasturi doirasida obi hayot chiqarildi. Bu imkoniyatdan foydalanib, bog’ni kengaytirishni niyat qilgan otaxon astoydil mehnat qildi. Barpo etilgan bog’ning yonginasida salkam 50 sotix joyda yangi bog’ paydo bo’ldi.
Mazkur hududda olmaning qariyb 10 xili parvarish etiladi. Bog’ qator oralariga ekilgan muahsulotlar ham bugun mazkur oila uchun daromad manbaiga aylanib qolgan.
Otaxon bilan suhbat chog’ida “Yaxshidan bog’ qolar” degan maqol ma'nosini yanada teranroq angladik. Zotan, yurtimizda Rauf-otadek yaxshi insonlar va bir qo’li savob uchun ochilgan saxovatmand yurtdoshlarimiz bor ekan, o’lkamizda yaxshilik suvidan bahramand bo’ladigan mana shunday yangidan yangi bog’lar barpo etiladi va uning mevalaridan barcha vatandoshlarimiz bahramand bo’laveradilar.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram