AZIZ MEHMONLAR UCHUN SO’X BAG’RI HAR DOIM OCHIQ
2023-07-28 14:49:57 147
Aziz mehmonlar uchun So’x bag’ri har doim ochiq
Qadimiy va navqiron hudud, Respublikamizdagi anklav tuman – So’x bugun barchaning e'tibor markazida. Tumanda bo’layotgan ijobiy o’zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar bevosita davlatimiz rahbari e'tibori asosida bo’layotgani ushbu jannatmakon go’shaning rivojlanishiga va aholi turmush darajasini oshirishiga xizmat qilayotir.
Zotan, o’z taqdirini Vatan taraqqiyoti va yuksalishiga bog’lagan yurtdoshlarimizning hayoti ham So’x tumani tarixiga hamohang – turfa va rangorang. Tumanimizda mehmon bo’lib turgan “O’zbekiston tarixi” telekanalining ijodkorlari bugun “Taqdirlar” ko’rsatuvi ustida ish olib borishdi.
Ko’rsatuv qahramoni – Yangiariq mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi, ustozlarning ustozi, 92-yoshli otaxon Salohiddin-ota Zavharov.
- Salohiddin-otaning xotirasiga tan bermasdan iloj yo’q. Umri davomidagi har bir lahzani aniq misollar bilan hikoya qilishi rosti, bizni ajablantirdi. Sababi - ko’p kitob o’qishda ekanligini otaxon bizga aytib berdi, - deydi ko’rsatuv muallifi Ulug’bek Hamroqulov.
Tasvirga olish jarayonida tumanning Soybozor mavzesi, Istiqlol mahallasida joylashgan 1-sonli umumta'lim maktabi, Hushyor mahallasidagi 14-sonli umumiy o’rta ta'lim maktabi, Pidirgon mahalla fuqarolar yig’inidagi 9-sonli maktabda bo’lgan mehmonlarimiz So’x tarixi haqida tumandoshlarimiz bilan suhbat qilishdi.
Tumanning ob-havosining o’ziga xosligi, tuman ahlining mehmondorchiligiga guvoh bo’lgan mehmonlarimiz – bosh tasvirchi Dilmurod Sodiqov, rejissyor Ravshan Sa'diyev va jurnalist Ulug’bek Hamroqulovlarni bugun Istiqlol mahallasidagi aerodromdan kuzatdik.
So’x tarixi va uning ajoyib insonlari haqidagi ko’rsatuv yaqin kunlarda “O’zbekiston tarixi” telekanali orqali namoyish etiladi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram