OILA QONUNCHILIGIGA BINOAN OTA-ONA VOYAGA YETMAGAN BOLALARIGA TA'MINOT BERISHI SHART
2023-07-11 17:57:48 113
Oila qonunchiligiga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berishi shart
Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan bolalariga aliment to’lash va ularga ta'minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Shu bilan birga, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to’lash tartibini o’zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, aliment sud tomonidan tayinlanadi va ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan quyidagi miqdorlarda undiriladi:
•bir bola uchun — to’rtdan bir qismi;
•ikki bola uchun — uchdan bir qismi;
• uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi.
Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to’lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo’lmasligi kerak.
Voyaga yetgan bolaga ham aliment to’lanishi mumkin. Voyaga yetgan, ammo mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalari uchun ota-onadan aliment undiriladi. Bunda alimentning miqdori ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan to’lanadigan qat'iy summada belgilanadi.
Bolaga aliment puli yetmasa yoki kamlik qilsa, qonunchilikka ko’ra, bolalarning ta'minoti uchun qo’shimcha mablag’ talab qilinishi mumkin.
Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og’ir shikastlanishi, kasal bo’lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta'minoti uchun zarur bo’lgan qo’shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qo’shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib xarajatlarni undirishi mumkin.
Aliment to’lovchi chet elga ishlagani ketmoqchi bo’lsa, aliment to’lashi shart bo’lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki 3 oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida aliment oluvchilar bilan kelishuv tuzishi shart.
Kelishuvga erishilmagan taqdirda aliment oluvchi alimentni bir yo’la to’lash, aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to’lash talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Alimentlar oldindan to’langan yoki garov shartnomasi tuzilgan bo’lsa, shaxs aliment to’lash to’g’risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Aliment to’lash majburiyati kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining o’limi, mazkur kelishuv muddatining o’tishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko’ra tugaydi.
Sud tartibida undiriladigan aliment to’lash quyidagi hollarda tugatiladi:
• bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib to’la muomala layoqatiga ega bo’lganda;
• foydasiga aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda;
• aliment oluvchining mehnatga layoqati tiklanganida yoki u yordamga muhtoj bo’lmay qolganida (sud shunday deb topganida);
• mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aliment oluvchi sobiq er yoki xotin yangi nikohga kirganda;
• aliment oluvchi yoki aliment to’lashi shart bo’lgan shaxs vafot etganda.
I.Saitqulov - O’zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram