BERILAYOTGAN E'TIBORGA SHUKR QILIB YASHASH, SHUKRONA BAJO KELTIRIB YASHASH KERAK!
2023-06-24 15:56:57 160
Berilayotgan e'tiborga shukr qilib yashash, shukrona bajo keltirib yashash kerak!
Yaratganga minglab shukrlar bo’lsinki, O’zbekiston degan betakror va go’zal Vatanda, dorilomon kunlarda, osoyishtalikda, tinchlik-totuvlikda yashayapmiz. Aslida insonga nima kerak? Albatta, tinchlik. Tinchlik bo’lsa, har birimiz rizqimizni terib, yashab yuraveramizda. Tinchlik bebaho ne'mat. Buning qadriga yetib, yashash kerak.
Kecha televizor orqali tumanimizning Javpaya massivida bo’lgan tadbirni ko’rib, rosa quvondim. Minglab yillar odam oyog’i yetib bormagan tashnalab yerlarga suv chiqarilibdi. Davlatimiz rahbari e'tibori asosida. Mana shu g’amxurlik tufayli bugungi kunda qariyb 500 nafardan ortiq hamyurtlarimizning qora qozoni qaynaydi. Chunki ular yer, mulk egalari bo’lishdida.
Yoshligimda buvijonim aytardi: poshsho Xudoning yerdagi soyasi deb. Bejizga aytmagan ekan. Shu so’zlar haqiqiyligiga ishondim. Davlat rahbarining bitta farmoni yoxud imzosi bilan ko’p ishlar, ish bo’lgandayam hayrli ishlar bo’lib ketadi. Buning barisi inson uchun.
Bir kuni nevaram telegramidan o’qib berdi: O’zbekiston “Inson qadri uchun” degan tamoyilni o’ziga shior qilib oldi ekan. - Rahmat shu xayrli ishlar tashabbuskorlariga, - dedim.
Ha, Javpaya borasida gapiradigan edima. Bugungi Javpayadagi manzarani ko’rib, Hazrati Inson sa'y-harakati, tashabbusiga rahmat aytmasdan boshqa choram qolmadi. Davlat rahbari boshlab bergan islohot bugun xalq manfaatiga xizmat qilmoqda. Islohotlar samarasi o’z mevasini berayotganidan ko’ngillar quvnamoqda.
Nuroniylar, So’xlik otaxon va onaxonlar bilan samimiy uchrashib, suhbat qilgan, har bir yer egasiga muhrlangan maxsus qog’oz (sertifikat) bergan, Farg’onaning asl farzandi bo’lib qolgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga astoydil rahmat demoqchiman. Bunday xayrli ishga o’zi bosh bo’lib, har gal So’xga kelganda Javpayadan alohida xabar olib, mana bugun biz bilan birgalikda niyatiga yetib turibdida.
Rahmat, Sizga, otangizga rahmat, Xayrullo Hayitboyevich! Barcha So’xlik otaxon va onaxonlar, yoshlar, farzandlarimiz nomidan Sizga minnatdorchilik bildiraman. Istarasi issiq odamdan faqat yaxshilik chiqadida. Sizdek asl insonlarni bizning So’xda “Sitoragarm” deyishadi. Arziysiz!
So’zim oxirida bir narsani ta'kidlamoqchiman: mana shunday g’amxurlik, berilayotgan e'tibor uchun rahmat! Shukr qilib, shukrona bajo keltirib yashash kerak endi. Halol mehnat qilib non topib yeyishga nima yetsin? Javpaya har birimizni halol mehnat qilishga undamoqda. Belni mahkam bog’lab mehnat qilamiz. Xudo xohlasa, ota-bobolarimizga munosib avlod sifatida So’xni, Farg’onani, O’zbekiston dovrug’ini olamga doston qilamiz!
Tursunoy Jo’rayeva – mehnat faxriysi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram