MAJBURIY MEHNAT
2023-06-24 15:05:46 229
Majburiy mehnat
Rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda majburiy mehnat atamasini bo’lishini o’zi kulguli hisoblanadi. O’qimishli, o’zini haq huquqini yaxshi bilgan va o’zini hurmat qilgan rahbar hech qachon majburiy mehnatga yo’l qo’ymaydi. Majburiy mehnatga barham berish uchun Jenevada 1930 yil 28 iyun kuni “Majburiy mehnat to’g’risida”gi konvensiya imzolangan. Tasavvur qilishingiz uchun 2015 yilda ham O’zbekistonda hamma ommaviy paxta terimiga yoki ko’cha tozalashga jalb qilinar edi. Bu hammada kundalik majburiyatga aylanib bo’lgan edi. Hamma ish rejasini paxta terimiga qarab tuzadigan holda edik. Hatto ahvol shu darajada ediki kunduz kuni bozorlar ishlamas, tadbirkorlar kunlik paxta terimi uchun xodim berishga majbur edi.
Shu o’rinda majburiy mehnat o’zi nima? Majburiy mehnat deyilganda Mehnat kodeksining 5-moddasiga binoan, biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo’llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o’z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo’lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta'sir choralarini qo’llash yoki qo’llash tahdidi tushuniladi.
Biroq, muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgach majburiy mehnatga berham berishga qat'iy kirishdi.
Hususan, paxta dalalariga budjet tashkilotlari xodimlari va talablarni chiqishi bekor qilindi. Hamma endi dalada paxtalar qolib ketadi deb o’ylagandi, lekin dalada paxtalar qolib ketmadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 mayda kuchga kirgan “O’zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 349-son qarorida majuriy mehnat barham berish to’g’risida aniq ko’rsatmalar belgilab berildi.
Ushbu qarorga ko’ra O’zbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to’liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti (keyingi o’rinlarda XMT deb ataladi) bilan faol hamkorlik qilinmoqda, ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Respublikada XMT Konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga doir milliy harakatlar rejasi qabul qilindi, mazmuni va mohiyati XMT metodologiyasi bo’yicha milliy mehnat qonunchiligini va mehnat bozorini rivojlantirishga, bandlikni, ijtimoiy muhofazani va aholi bilan muloqotni ta'minlashga yo’naltirilgan Munosib mehnat bo’yicha mamlakat dasturi bajarilmoqda. Ushbu Tashkilot ekspertlarining bevosita ishtirokida qishloq xo’jaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish monitoringi olib borilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to’g’risida” 2017-yil 4-oktyabrdagi SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo’l qo’ymaslik bo’yicha ushbu yo’nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi.
Ko’rilgan chora-tadbirlar bolalar mehnatiga to’liq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish va bunga yo’l qo’ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi, bu jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va YEvroparlament tomonidan yuqori baholandi.
Qarorning 1-bandida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo’llanishi bilan qo’rqitgan holda ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlanganini e'tiborga olib, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari rahbarlari:
fuqarolarni, jumladan, ta'lim, sog’liqni saqlash muassasalari, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, ta'lim muassasalari o’quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko’kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo’jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig’ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olsinlar va bunga chek qo’ysinlar;
fuqarolarni, xususan, ta'lim va sog’liqni saqlash sohasi, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta'lim muassasalari o’quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy intizomiy choralar ko’rsinlar;
majburiy mehnatdan foydalanish bo’yicha aniqlangan har bir holat yuzasidan tegishli axborotni javobgarlik choralarini qo’llash uchun huquqni muhofaza qilish organlariga zudlik bilan yetkazish belgilangan.
2-bandida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat'iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o’tkazilishi ko’rsatib o’tildi, ya'ni hasharlar umumxalq hasharini o’tkazish to’g’risida faqat O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo’lganda o’tkazilishi belgilab qo’yildi.
Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o’tkazilishi, hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta'mirlash va qishloq xo’jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo’l qo’yilmagan holda obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish, ish o’rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirilishi hamda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faqat tegishli mahalla hududida obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonlarini jihozlash, moddiy-madaniy meros obektlarini zarur holatda saqlash, qabristonlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash hamda zarur holatda saqlash ishlarida aholining ixtiyoriy ishtirok etishini tashkil etish belgilandi.
Qarorning 3-bandida avtomobil yo’llari, harakatlanish tig’iz bo’lgan ko’chalar, suv obektlari, qirg’oqbo’yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog’lig’iga xavf tug’ilishi yuzaga kelishi mumkin bo’lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o’tkazish taqiqlandi.
Hozir kunda majburiy mehnatga yo’l qo’yish holatlariga barham berildi, shunday bo’lsada majburiy mehnat uchun qat'iy jazo choralari belgilangan.
Hususan, O’zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 51-moddasida hamda O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 148 prim 2-moddasida javobgarlik belgilangan.
Aslida o’qimishli odam sifatida do’ppini olib qo’yib taxlil qiladigan bo’lsak, hozirgi davrda raxbarlar tomonidan qo’l ostidagi xodimini o’z lavozimiga kirmaydigan dala ishlari yoki boshqa obodonlashtirish ishlariga jalb qilishi rivojlanish hohlayotgan jamiyat uchun eng ayanchli va kechirib bo’lmas xato hisoblanadi.
I.Madaminov - So’x tumani adliya bo’limi bosh maslahatchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram