FIRIBGARLAR TUZOG’IDAN OGOH BO’LING!
2023-06-22 08:42:25 146
Firibgarlar tuzog’idan ogoh bo’ling!
Farg’onalik Zafarova Mushtariy (ism, familiyalar o’zgartirilgan)
2 nafar farzandning onasi. Hali yosh bo’lishiga qaramay, bir necha bor sudlangan. Bir xatoga qo’l urgach, u o’z hayotining osuda damlarini qadrlab, halol mehnatga qo’l urmadi. Aksincha, qayta-qayta “qorong’i yo’l”larga kiraverdi. Firibgarlik qilib o’zgalarning mol-mulkini o’zlashtirish payida “tadbirkor”, “sotuvchi” qiyofalarida turli xiylalarni o’ylab topdi.
Jumladan, 2019 yilning mart oyida P.Saidanvarovning ishonchiga kirib, unga o’zi ishlayotgan joydagi ishchilarga xizmat kiyimlari va boshqa mahsulotlar kerakligini aytib, 11.500.000 so’mlik mahsulotlarini firibgarlik yo’li bilan qo’lga kiritgan. Bu bilan cheklanmay, o’zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yil dekabr oyida M.Ro’zioxunovani yashash xonadoniga borib, o’n kun ichida pulini berish sharti bilan ishonchiga kirib, aldab, jami 5.143.000 so’mlik kiyim-kechak va parfyumeriya mahsulotlarini oladi. Keyingi “o’ljasi” Sh.Ro’zioxunova bo’ldi. Uning savdo do’koniga borib, pulini bir oy muddatda bo’lib-bo’lib berish sharti bilan 35.000.000 so’mlik kiyim-kechaklarini V.Siddiqovni 9.500.000 so’mlik kolbasa mahsulotlarini qo’lga kiritib, chuv tushirib ketadi. “Kasbi”ni hadisini olgan ustamon shunchalik berilib ketadiki, N.Alijonovning savdo do’konidagi 9.000.000 so’mlik 12 dona velosipedlarini, F.Abduhaliqovaning 25.500.000 so’mlik mebellarini, I.Xolmatovning 16.000.000 so’mlik turli xildagi bolalar o’yinchoqlarini “ko’rdim demaydi”.
X.Mamajonovga esa o’zini katta savdo do’konlariga kir yuvish mahsulotlarini tarqatish bilan shug’ullanuvchi firma egasi sifatida tanishtiradi. Sotilgan kir yuvish mahsulotlari uchun bonus tariqasida do’konlarga sport anjomlarini tarqatishini aytib, uning 107.600.000 so’m miqdoridagi sport anjomlarini qo’lga kiritadi.
Sh.Zulpiqorovaga o’zini fitnes klub ochayotganini aytib, pulini uzog’i bilan bir haftada berishiga ishontirib, 24.800.000 so’mlik fitnes anjomlariga ega chiqadi.
Ammo, olg’irning qilmishlari ko’pga cho’zilmadi. U sudda mazkur yo’lga kirishiga farzandi kasalligini, pullarni uni davolatishga sarflaganini aytib, qilmishidan pushaymonligi, qonuniy yengillik berishini so’raydi.
Sud, sudlanuvchiga O’zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga asosan ozodlikdan mahrum qilish hamda jarima jazosi tayinlab, jabrlanuvchilar foydasiga jami 202.400.000 so’m moddiy zarar undirishni belgiladi.
M.Inomxonov - Farg’ona viloyat sudining sudya katta yordamchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram