VOYAGA YETMAGANLARNING HUQUQLARI QONUN BILAN MUHOFAZA QILINADI
2023-06-19 15:21:20 158
Voyaga yetmaganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi
Ma'lumki, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishining huquqiy asoslari yaratildi.
Unga ko’ra:
Insonning huquq va erkinliklarini ta'minlash davlatning oliy maqsadidir.
Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta'minlaydi.
Oila jamiyatning asosiy bo’g’inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.
Nikoh O’zbekiston xalqining an'anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Davlat oilaning to’laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.
Ota-onalar va ularning o’rnini bosuvchi shaxslar o’z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sog’lom, to’laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g’amxo’rlik qilishga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta'lim olishini, sog’lom, to’laqonli va har tomonlama kamol topishini ta'minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag’batlantiradi.
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to’laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo’lgan mehr-muhabbat tuyg’ularini shakllantirish to’g’risida g’amxo’rlik qiladi.
Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta'minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag’batlantiradi.
Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishga, sog’lig’ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo’lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o’z ota-onalari haqida g’amxo’rlik qilishga majburdirlar.
Yuqoridagi normalardan ko’rinib turibdiki, voyaga etmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi so’zsiz ta'minlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, oilani mustahkamlash, uning muqaddasligini ta'minlash, oilada barchaning teng huquqliligi to’la ro’yobga chiqishi uchun barcha birdek mas'uldir.
Sherzod Madumarov - Jinoyat ishlari bo’yicha So’x tuman sudi raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram