BOSH VAZIR O’RINBOSARI ACHILBAY RAMATOV SO’X TUMANIDA BO’LDI
2023-05-19 20:20:04 138
BOSh VAZIR O’RINBOSARI AChILBAY RAMATOV SO’X TUMANIDA BO’LDI
O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari Achilbay Ramatov, Respublika vazirlik va idoralari rahbarlari va mutasaddilari bilan birga bugun So’x tumanida bo’lib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashkil etilgan press-turda Achilbay Ramatov dastlab Javpaya massivida qo’shimcha o’zlashtirilayotgan yangi yer maydonlarida tashkil etilgan intensiv o’rikzorda bo’lib, hudud aholisi va tuman faollari bilan muloqot qildi.
Prezidentimizning foydalanilmayotgan yerlarda irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga o’zlashtirish, bu yerlarni yoshlarga bo’lib berish orqali ularni ish bilan, daromad bilan ta'minlash borasidagi topshiriqlaridan kelib chiqqan holda 2022 yil boshida o’zlashtirishga kirishilgan Javpaya massivida jami 1000 gektarga yaqin yer foydalanishga kiritilmoqda.
Massivning yuqori qismida tog’lar bag’rida esa o’rik bog’i barpo etildi. Hozirgi kunda birinchi bosqichda 230 gektar yerga xorijdan keltirib ekilgan o’rik ko’chatlari kurtak otdi. Hududda tomchilab sug’orish tizimi o’rnatildi. Yangi o’rikzor, 50 sotixdan lotlarga ajratilib, kooperatsiya usulida mahalliy aholiga, ishsiz yoshlarga ajratib berildi. O’rik qatorlari oralariga poliz ekinlari, oshqovoq, dukkakli ekinlar ekilmoqda.
Bosh vazir o’rinbosari Davlatimiz rahbarining So’x tumaniga va so’xliklarga bo’lgan alohida e'tiborlarini qayd etib, hozirgi kunda tumanda amalga oshirilayotgan katta yangilanishlar va bunyodkorliklar ko’lamini yanada oshirish, yechim talab etiladigan masalalarni tezkor hal etilishiga ko’maklashish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta'kidladi.
Tumanda amalga oshirilayotgan ishlardan, taqdim etilayotgan daromad topish imkoniyatlaridan mamnuniyatlarini izhor qilgan so’xlik aholi vakillari, yaratib berilayotgan sharoitlar uchun Davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar.
Mazkur tashrif mahalliy va Respublika ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan tasvirga olindi va keng jamoatchilikka namoyish etiladi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram