XALQ DEPUTATLARI SO’X TUMANI KENGASHINING NAVBATDAGI SESSIYASI BO’LIB O’TDI
2023-05-15 18:01:05 132
Xalq deputatlari So’x tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo’lib o’tdi
Bugun tuman hokimligida Xalq deputatlari So’x tumani Kengashining oltinchi chiqiriq yetmish birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi. Sessiyada Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tumandagi sektor rahbarlari, korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Sessiyaga muhokama etish uchun qo’yidagi masalalar qo’yildi:
1. “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” Davlat dasturining 2023-yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar to’g’risida.
2. Huquqbuzarliklarni oldini olish va ularning profilaktik holati to’g’risida.
3. Tuman sektorlari va tashkilot rahbarlarining O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktyabrdagi PQ-408 sonli qarorining 10/1-bandining ijrosi to’g’risidagi hisoboti.
4. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevral kungi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanish ularning noqonuniy foydalanishni oldini olish qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish to’g’risida ”gi PQ-57 sonli qarorining ijrosini ta'minlash to’g’risida.
5. So’x tumani adliya bo’limining tumandagi davlat organlari va tashkilotlarida norma ijodkorligi hamda huquqni qo’llash amaliyoti holati bo’yicha axboroti.
Sesiya kun tartibiga qo’yilgan birinchi masala yuzasidan ishtirokchilarga tuman hokimi, xalq deputatlari So’x tumani Kengashi raisi Sayidbahrom Sayidmusayev ma'lumot berdi. Aniq raqamlarga asoslangan mazkur hisobotda tuman hududlarida olib borilgan ishlar xususida tuman hokimi aniq misollar orqali sessiya ishtirokchilariga ma'lumot berdi.
Ikkinchi masala yuzasidan tuman ichki ishlar bo’limi boshlig’i Qosimjon Rahimberdiyev ma'ro’za qildi va o’z so’zida tumanda masala bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi. Xuquqbuzarliklarni oldini olish va ularning profilaktik holati to’g’risida ma'lumot yetkazgan tuman ichki ishlar bo’limi boshlig’i bu yo’nalishda mustahkam hamkorlikda ish olib borish yaxshi natija berishini alohida qayd etdi.
Kun tartibidagi uchinchi masala yuzasidan tuman hokimligi bosh mutaxassisi Oxonjon Oxonjonov axborot berdi. Tumanda Prezidentimizning 408-sonli qarori asosida amalga oshirilgan ishlar haqida yetarli ma'lumotlar yetkazildi.
Masala muhokamasi davomida deputatlar Subhonali Nishonov, Qodirbek Amirbekov, Rasulxon Qoziyev, Hamroali Haydarov, Rasuljon Mirsaidov, Kamoliddin Azizov, Subhonali Asqarovlar muzokaraga chiqib, tumanda Prezidentimizning 408-sonli qarori asosida amalga oshirilgan ishlar hususida gapirib, bajarilgan ishlar natijadorligi hususida tanqidiy fikrlar bayon etishdi. Ishlarni samarali tashkil etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga oid takliflar bildirildi.
Shuningdek, deputat Subhonali Nishonov tomonidan mahallada faoliyat olib borayotgan fidoiylar, saxovatpesha tadbirkorlarni munosib rag’batlantirish yuzasidan bildirilgan taklifi va chegara-nazorat punktlarida fuqarolarni o’tkazish tartibini tartibli yo’lga qo’yish, ortiqcha sarsongarchiliklarga barham berish, O’zbekiston va Qirg’iziston respubliklari o’rtasida davlat chegarasidan o’tish tartibini tartibga solish bo’yicha qabul qilingan bitim asosida ish olib borish va ushbu masalani sessiya kun tartibiga qo’yish masalasi ham ma'qullandi. Xalq deputatlari So’x tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida mazkur masalaga oid rasmiy va me'yoriy hujjatlar haqida to’liq ma'lumot olish va mazkur soha mutasaddilari bilan ushbu masalani muhokama etish taklifi ma'qullandi.
Sessiya kun tartibiga qo’yilgan to’rtinchi masala yuzasidan tuman hokimi birinchi o’rinbosari Ilhomjon Tojiboyev ma'lumot berdi. Ushbu masala haqida sessiya ishtirokchilariga aniq misollar orqali tushuntirishlar yetkazildi.
Tuman adliya bo’limi boshlig’i Bunyodjon Enazarov sessiyaga qo’yilgan navbatdagi masala - tumandagi davlat organlari va tashkilotlarida norma ijodkorligi hamda huquqni qo’llash amaliyoti holati bo’yicha axborot berdi. Ma'ro’zachi bo’lim tomonidan 2023 yilning o’tgan muddati davomida amalga oshirilgan ishlar xususida batafasil asosli ma'lumotlar yetkazdi.
Sessiya davomida kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlar o’z fikrlarini muzokara davomida bildirdilar. Qo’yilgan masalalar bo’yicha tegishli qarorlar qabul qilindi va shu bilan sessiya yakunlandi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram