JAVPAYADA YANGI O’ZLASHTIRILGAN YERLARDA BARPO ETILGAN DASTLABKI INTENSIV O’RIKZORDA 400 DAN ZIYOD OILA YER EGASIGA AYLANIB, BANDLIGI TA'MINLANDI
2023-05-13 09:04:31 141
Javpayada yangi o’zlashtirilgan yerlarda barpo etilgan dastlabki intensiv o’rikzorda 400 dan ziyod oila yer egasiga aylanib, bandligi ta'minlandi
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, So’x tumanining Javpaya massivida qo’shimcha o’zlashtirilayotgan yangi yer maydonlarida tashkil etilgan intensiv o’rikzorda bo’lib, hudud aholisi va tuman faollari bilan muloqot qildi.
Prezidentimizning foydalanilmayotgan yerlarda irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga o’zlashtirish, bu yerlarni yoshlarga bo’lib berish orqali ularni ish bilan, daromad bilan ta'minlash borasida topshiriqlaridan kelib chiqqan holda 2022 yil boshida o’zlashtirishga kirishilgan Javpaya massivida jami 1000 gektarga yaqin yer foydalanishga kiritilmoqda.
Massivning yuqori qismida tog’lar bag’rida esa o’rik bog’i barpo etildi. Hozirgi kunda birinchi bosqichda 230 gektar yerga xorijdan keltirib ekilgan o’rik ko’chatlari kurtak otdi. Hududda tomchilab sug’orish tizimi o’rnatildi. Yangi o’rikzor, 50 sotixdan lotlarga ajratilib, kooperatsiya usulida mahalliy aholiga, ishsiz yoshlarga ajratib berildi.
O’rik qatorlari oralariga poliz ekinlari, oshqovoq, dukkakli ekinlar ekishga kirishilmoqda. Kelgusida shuningdek farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatida muhim hisoblangan za'faron yetishtirish yo’lga qo’yiladi. YEr egasiga aylangan mahalliy aholi vakillari bilan muloqot qilgan viloyat hokimi, Davlatimiz rahbarining e'tiborlari bilan So’xda amalga oshirilayotgan bu ulkan ishlarning asosiy maqsadi – aholining bandligini ta'minlash, ishlash uchun xorijga bormasdan, o’z uylarida yashab mehnat qilish imkoniyatiga hamda doimiy daromad manbaiga ega bo’lishlariga ko’maklashish ekanini qayd etdi.
Sekundiga 200 litr suv tortish quvvatiga ega 5 ta nasosdan iborat stantsiya yordamida Qalacha arig’idan 426 mm diametrli quvur bilan 5 km tarmoq tortib, 223 metr balandlikka suv chiqarish ishlari yakunlandi. Bu maqsadda jami 21 milliard so’m mablag’ viloyat mahalliy byudjeti hisobidan yo’naltirilgan.Viloyat hokimi ikkinchi nasos stantsiyasi qurish ishlari ham boshlanganini ma'lum qilib, Javpayada suv ta'minoti bilan bog’liq hech qanday masala qolmasligini ta'kidladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram