YANGI KONSTITUTSIYA. 10 TA ASOSIY O’ZGARISH
2023-05-06 17:34:49 438
Yangi Konstitutsiya. 10 ta asosiy o’zgarish
O’zbekistonning 65 foizga yangilangan va ancha “to’lishgan” bosh qomusi 1 maydan e'tiboran kuchga kirdi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e'tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo’lib o’tgan referendum natijasiga ko’ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo’ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o’zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o’zgarishlar ko’lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiylarga ko’ra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
eng muhim o’nta yo’nalishda ro’y bergan o’zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo’yicha keltirib o’tiladi.
1-o’zgarish. O’zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O’zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o’zgartirilmoqda:
• O’zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo’lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi.
Suveren davlat – o’z hududida to’la-to’kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiktsiyaga ega bo’lish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o’z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta'minlanishini ko’zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko’z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo’ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo’ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta'minlaydi.
O’zbekiston o’zini ijtimoiy davlat deb e'lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo’l qo’ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta'lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo’llovga muhtoj fuqarolarni qo’llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag’al oilaning bolalarida ham sog’-salomat o’sib-ulg’ayib, yaxshi ta'lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo’lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo’ladi. Davlat diniy e'tiqodidan qat'i nazar barchaga bir xil munosabatda bo’ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
Yangi konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko’rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek, 154-moddaning o’zidagi aynan shu qoidaga oid band ham qayta ko’rib chiqilishi mumkin emas.
Boshqacha aytganda, bu norma – O’zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
Bunyodjon Enazarov - So’x tuman adliya bo’limi boshlig’i
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram