QONUNCHILIKDAGI_YANGILIKLAR
2023-04-15 13:29:52 123
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Ipoteka kreditlari bo’yicha 30 ming nafar shaxsga subsidiyalar ajratiladi
“2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident farmoni (PF–51-son, 13.04.2023 y.) qabul qilindi
Farmonga ko’ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning amaldagi tartibiga 2023 yil 1 maydan quyidagi o’zgartirishlar kiritiladi:
banklarga rasmiy daromadga ega bo’lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to’lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi;
banklarga qarz oluvchi tomonidan to’langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko’rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo’yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o’rnatish huquqi beriladi;
professional ta'lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo’yicha dars berayotgan yoki o’quv amaliyotini o’tkazayotgan o’qituvchilari va ishlab chiqarish ta'lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo’yicha berilgan subsidiya taqdim etish to’g’risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
2023 yil uchun ipoteka kreditlari bo’yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrgacha qabul qilinadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy ta'minotdan to’g’ridan-to’g’ri bekor qilish va to’lovlarni to’xtatish huquqi beriladi.
Farmonga ko’ra, 2023 yilda:
kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruktsiya qilish uchun respublika bo’yicha jami 44 690 ta ipoteka kreditlari ajratiladi.
Mazkur kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarga ajratilishi belgilangan.
ipoteka kreditlari bo’yicha 30 ming nafar shaxsga subsidiyalar ajratiladi.
Abdumanof Umridinov - So’x tumani adliya bo’limi davlat xizmatlari markazi sho’'ba mudiri
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram