NOGIRONLIGI BO’LGAN SHAXSLARNING AUTSION ORQALI YER UCHASTKASI SOTIB OLISH XARAJATLARINING BIR QISMI QOPLAB BERILADI
2023-03-31 17:46:12 118
Nogironligi bo’lgan shaxslarning autsion orqali yer uchastkasi sotib olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martda 122-sonli “Nogironligi bo’lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo’lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-autsion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bog’liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to’g’risida” nizomi tasdiqlandi.
Nizomga ko’ra, yer uchastkasini autsion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi bo’lgan shaxslar sonidan qat'i nazar, BHMning 100 baravarigacha (30 mln so’mgacha) miqdorda bir martalik to’lov ajratiladi.
Bunda xarajatlar ushbu miqdordan yuqori bo’lgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln so’mgacha) bo’lgan qismi qoplab beriladi.
Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak:
oxirgi 12 oy davomida o’zi yoki oila a'zolari nomida yashash uchun mo’ljallangan turar joyi yoki yer uchastkasi mavjud bo’lmasligi;
er uchastkasi oxirgi 3 oy ichida autsion orqali xarid qilingan va O’zbekiston hududida bo’lishi;
nogironligi bo’lgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan bo’lishi.
Imtiyozli toifadagi shaxs autsion orqali yer uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida o’z hududidagi tuman (shahar) kambag’allikni qisqartirish va bandlik bo’limiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko’rib chiqilmaydi).
Mablag’ ajratish to’g’risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan so’ng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida ko’rsatilgan bank plastik hisobvarag’iga mablag’ o’tkazilishi ta'minlanadi.
Shoxrux Sobirov - Rishton tuman adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyotini o’rganish bo’linmasi bosh maslahatchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram