YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA – YURTIMIZ KELAJAGI VA XALQIMIZ FAROVONLIGI UCHUN CHINAKAM HUQUQIY ASOS
2023-03-23 16:12:33 139
Yangilanayotgan Konstitutsiya – yurtimiz kelajagi va xalqimiz farovonligi uchun chinakam huquqiy asos
Ma'lumki, so’nggi yillarda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida tub o’zgarishlar bo’lyapti. Manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi, iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko’payib boryapti, madaniy hayotimizda, sport sohasida yoshlarimizning yutuqlari kundan-kunga oshib boryapti, parlamentarizm va sud-huquq sohasida ham demokratik o’zgarishlar qilinyapti. Xalqimizni qarashlari o’zgarib, huquqiy ongi oshib boryapti, davlat organlari ustidan ta'sirchan jamoatchilik nazorati olib borilyapti. Albatta bunday ochiq fuqarolik jamiyatida Konstitutsiya va qonunlarimiz ham zamondan orqada qolib ketmasligi kerak!
O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida o’z aksini topgan xalqparvar davlatni barpo etish yo’lidagi muhim vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalambor yangi konstitutsiyaviy makon kerakligini barchamiz tushunib turibmiz. Bosh Qomusimiz bugungi real voqelikka mos bo’lsagina, u shiddat bilan olib borilayotgan islohotlarimizning huquqiy asosi bo’lib xizmat qila oladi.
Aynan shuning uchun ham yurtimizda Konstitutsiyaviy islohotlar olib borilyapti. Bu borada maxsus Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Bevosita xalqimizning takliflari asosida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo’yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan.
Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o’rganilgan.
Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko’payib, normalar 275 tadan 434 taga oshgan.
Xususan, O’zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu qoidalarni o’zgartirish mumkin emasligi belgilanmoqda
Konstitutsiyada kambag’allikni qisqartirish, bandlikni ta'minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo’yicha yangi kafolatlar belgilanmoqda.
Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkinmasligi, ushlab turish chog’ida uning huquqlari va ushlab turilish asoslari unga tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o’ziga qarshi ko’rsatma bermaslik, ya'ni “sukut saqlash” huquqi kafolatlanmoqda.
Yangi Yozishmalar, telefon orqali so’zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sud qaroriga asosan cheklanishi mumkin.
Insonning sha'ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo’lishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyada davlat maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang’ich professional ta'lim bepul ekanligi ham belgilanmoqda.
Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O’zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishora hisoblanadi.
Mulk daxlsizligi va u bilan bog’liq huquqlarning ta'minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo’lishi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek yangi Konstitutsiyaga ko’ra davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo’yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta'minlash va atrof-muhitga zararli ta'sir ko’rsatilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o’tkazilishi shartligi belgilanmoqda.
Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo’lgan huquqlari kafolatlanmoqda.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag’ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o’rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo’lga qo’yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas'uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas'uliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko’paymoqda.
Bosh vazir nomzodini ko’rib chiqish va ma'qullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko’rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to’g’ridan-to’g’ri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga o’tkazilmoqda.
Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari ma'qullagandan so’ng lavozimga tayinlash tartibi joriy etilmoqda.
Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraktsiyalari bilan maslahatlashuvlar o’tkazish nazarda tutilmoqda.
Joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda, senatorlar soni hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi, bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanadi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytiriladi.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo’lgan parlament tekshiruvi instituti mustahkamlab qo’yilmoqda.
Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi o’rni, roli va ta'sirini kuchaytirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga o’tkazilmoqda.
Xususan, Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko’rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korruptsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilmoqda.
Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senatda ko’rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a'zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.
Mahalliy darajada hokimiyatlar bo’linishi printsipi amalga oshiriladi, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti viloyat Kengashlari uchun 2024 yildan, tuman Kengashlari uchun esa, 2026 yildan tugatiladi.
Fuqarolarga sud tomonidan o’ziga nisbatan qo’llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to’g’risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.
Sherzod Madumarov - Jinoyat ishlari bo’yicha So’x tuman sudining raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram