ERDAN QONUNIY VA SAMARALI FOYDALANISH – DAVR TALABI
2023-03-22 10:48:00 129
ERDAN QONUNIY VA SAMARALI FOYDALANISh – DAVR TALABI
So’nggi yillarda qishloq xo’jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo’jaligi mahsulotlari dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bunda, meva-sabzavotlar va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi 2016 yildan 2021 yilga qadar qariyb 2 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, paxta va g’alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog’dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xo’jaligi ekinlari ekishni ko’paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish evaziga tarmoqda qo’shimcha o’sishga erishishda ilmiy asoslangan yondashuv va o’rganishlarni inobatga olish taqozo etilmoqda.
Jumladan, hisob-kitoblarga ko’ra 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong’oqdan 5 baravar ko’p daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog’dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo’llab-quvvatlash orqali «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro’yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash bo’yicha katta imkoniyat mavjud.
YEr daromad manbai. Undan samarali foydalanish va daromad olish har bir fuqaroning pirovard maqsadi hisoblanadi.
Aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo’llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o’z biznesini tashkil etishga ko’maklashish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo’jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo’jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 2021 yilning 23 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-20-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan viloyatimizda ham keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda fuqarolarga qaror asosida foydalanish va daromad manbaiga ega bo’lishlari uchun yer maydonlari ajratib berilmoqda.
Biroq, yerdan unumli va samarali foydalanish barobarida uning huquqiy va qonuniy tartib va tamoyillari borki, bu tartib va qoidalarga rioya etish ham bizdan katta mas'uliyat talab etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi PQ-20-son qarorida Farg’ona viloyatida 2022-2025 yillar mobaynida 12 160 gektar, jumladan 2022 yilda 4 863 gektar yer maydonlari fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo’lgan o’lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida berilishi belgilandi. Shuningdek, Oltiariq tumanida
350 gektar, Farg’ona tumanida 321, Qo’shtepa tumanida 346, Quva tumanida
341 gektar yer maydonlari ijaraga berilishi rejalashtirilgan.
Qishloq xo’jaligi maqsadlari, shu jumladan dehqon xo’jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo’yicha materiallarni to’plash, ko’rib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish «E-IJARA» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Dehqon xo’jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o’z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo’lgan fuqarolarga, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro’yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga hamda 2022 yil 1 mart sanasidan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik beriladi.
Qarorning 3-bandida yer to’g’risidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda yerga bo’lgan huquq YEr kodeksi va «Dehqon xo’jaligi to’g’risida»gi Qonunga asosan bekor qilinishi haqida dehqon xo’jaliklari orasida tushuntirish ishlari olib borilishini ta'minlash yuklatilgan.
Shu bilan birgalikda, yerdan foydalanishda qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’yilgani uchun quyidagi javobgarlik choralari nazarda tutilgan.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2291-moddasiga ko’ra er uchastkalarini o’zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo’lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to’rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sug’oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o’zboshimchalik bilan egallab olish, —
bazaviy hisoblash miqdorining to’rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shunningdek, Er kodeksining 36-moddasiga ko’ra, butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
Xususan, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko’ra) past bo’lishida ifodalanganda;
yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
qonunchilikda belgilangan muddatlarda yer solig’i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to’lanmay kelinganda;
qishloq xo’jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo’jaligi sohasiga taalluqli bo’lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida.
Shuni yodda tutishimiz lozimki, YEr to’g’risidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda yerga bo’lgan huquq YEr kodeksi va «Dehqon xo’jaligi to’g’risida»gi Qonuniga ko’ra sud tartibiga asosan bekor qilinadi.
Mazkur qarorga asosan kredit mablag’lari «Har bir oila — tadbirkor» dasturi shartlari asosida tijorat banklari tomonidan dehqon va fermer xo’jaliklari, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bog’dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish uchun har bir loyiha milliy valyutada 100 million so’mdan oshmagan miqdorda yillik 14 foiz stavkada moliyalashtiriladi;
kreditlar kichik intensiv bog’dorchilik va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan ko’p bo’lmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga ajratiladi;
kredit ta'minoti sifatida kreditning qaytmaslik xataridan sug’urta qilish polisi taqdim etiladi;
kreditlar dehqon xo’jaliklariga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilarining yozma tavsiyasiga asosan ajratiladi.
Ushbu mazmunda sudyalar tomonidan viloyatimizdagi savdoda g’olib bo’lib, ijara shartnomalari tuzgan 26 mingdan ziyod fuqarolarga joylarga chiqqan holda tushuntirish ishlari olib borilib, tayyorlangan metodik qo’llanma tarqatilib kelinmoqda.
F.Amanov - Farg’ona viloyat sudining sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram