Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 35 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

SO’X TUMANI HOKIMINING 8-MART BAYRAMIGA TABRIGI

×

 2023-03-08 12:13:19    146

PDF yuklash
Chop etish


So’x tumani hokimining 8-mart bayramiga tabrigi

        Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar! Hurmatli opa-singillar!  Munis va lobar qizlarimiz!

Avvalo, Siz azizlarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Biz bugun Yaratganning buyuk mo’'jizasi bo’lgan, hayot davomiyligi va abadiyligini o’zida mujassam etgan ayol zotini, tabarruk onalarni ulug’lar ekanmiz, beixtiyor mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Jannat onalarning oyog’i ostidadir” degan mazmundagi hikmatli so’zlarini eslaymiz va muqaddas Ona siymosi oldida ta'zim qilamiz.

    Jonajon Vatanimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o’rni va mavqeini, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi, iqtisodiyotimizning turli sohalaridagi nufuzini oshirish bo’yicha muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida katta qadamlar qo’yildi.

    Bugungi kunda tumanimizda mehnatga layoqatli bo’lgan xotin-qizlarimizning teng yarmi iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida, tadbirkorlikda, maktabgacha va umumiy o’rta ta'lim, tibbiyot sohalarida faol mehnat qilishmoqda. Jamiyatning qaysi jabhasida bo’lmasin, qaysi sohasida bo’lmasin, Siz azizlarning hissalaringiz bor.

Yurtimizning rivoji, uning gullab-yashnashi va taraqqiyoti Sizning bevosita samarali faoliyatingiz va duolaringizda mujassam.

So’xlik ayolllar deganda eng avvalo, bizning ko’z oldimizga mehnatkash, farzand parvarishida doimiy kamarbasta bo’lgan, o’zini va farzandlarini, oilasining sha'nini o’ylaydigan ayol siymosi gavdalanadi. Sizlarning oila bekasi sifatidagi mavqeingiz barcha ta'rifga loyiqdir.

Biz mo’'tabar So’xlik ayollar, Vatanimizning yuksak mukofotlariga, hamda hukumatimizning e'tirofiga sazovor bo’lgan fidokor onaxonlarimiz nomlarini alohida iftixor bilan tilga olamiz.

Ochaorom Rafiqova, Naziroy Mahmatova, Zumradxon Farxiddinova, Muborak Olimova, Miriniso Niyozova, Gulchehraxon Mahbubova, Fotimaxon Hayitboyeva, Shahodatxon Boybolayeva, Mayramxon Aliboyeva, Lolaxon Xo’jayeva, Ochaxon To’xtaboyeva, Halimaxon Bahronova, Gulshoda Aminjonova, Dahiyatxon Saidbekova...

Shunday mehnatkash va barchamizga o’rnak bo’lgan ayollarimiz nomlarini soatlab tilga olishimiz mumkin. Albatta, bunday fidokor ayollarimizning umr yo’llari bugungi yoshlarimiz uchun yuksak namuna nishonasidir.

Jondan aziz farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni bolalikdan boshlab zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga, madaniyat va sportga oshno etish, urf-odat va marosimlarni davr talablari bilan uyg’unlashtirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda Siz, muhtarama ayollarimizga, Sizlarning aql-zakovatingiz, jonkuyarlik fazilatlaringizga tayanaman.

  Biz har bir ayol timsolida, avvalo buyuk zot – Ona siymosini ko’ramiz. Shu bois “Avvalo onangizga va yana bir bor onangizga yaxshilik qiling”, degan muborak hadisga amal qilib, mo’'tabar onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizga e'tibor va g’amxo’rlik ko’rsatishni insoniy burchimiz, deb bilamiz. Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, Sizlarning oldingizdagi bu qarzimiz haqqini, ming xazina bilan ham ado etib bo’lmaydi.

Biz yaxshi tushunamiz – xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta'minlangan jamiyatda albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik bo’ladi. Ayol baxtli bo’lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo’ladi.

 Aziz va qadrli opa-singillar!

    Sizlarni bahor elchisi bo’lgan, o’zingizdek go’zal va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

 

    Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo’lsin!

    Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!

    Doimo oilangiz va farzandlaringiz, el-yurtimiz ardog’ida bo’ling!

               So’x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram