“SOLIQCHI-KO’MAKCHI” TAMOYILI ASOSIDA SO’X TUMANIDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR
2023-03-08 12:07:04 120
“Soliqchi-ko’makchi” tamoyili asosida So’x tumanida amalga oshirilgan ishlar
2023-yil 1-yanvardan boshlab soliq qonunchiligiga qator o’zgartirishlar kiritildi. Xususan, aylanmadan olinadigan soliq stavkalari soliq to’lovchilarning barcha toifalari uchun 1% miqdoridagi yagona stavkani belgilagan holda birxillashtirildi.
Bundan tashqari, 2023-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat'iy belgilangan summada to’lash tartibi joriy etildi.
Shuni ta'kidlash joizki, mazkur tartib bo’yicha soliq to’lash ixtiyoriy hisoblanadi. Ushbu tartibni tanlash tadbirkorlik subektlari uchun quyidagi yengilliklarni yaratib beradi:
- soliq organlariga moliyaviy hisobotlar va aylanmadan olinadigan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati yuzaga kelmaydi;
- bank hisobvarag’idan dividend tarzida yechib olinadigan mablag’lar soliqqa tortilmaydi;
- tovarlar hisobini yuritish talab etilmaydi.
Ta'kidlash joiz, ayni paytda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar har tomonlama qo’llab-quvvatlanmoqda. Binobarin, havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subektlarini qo’llab-quvvatlash va faoliyatini jadal qayta tiklash maqsadida “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik subektlarini qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident qarori (PQ–43-son, 03.02.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko’ra, tadbirkorlarning 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan (hosil bo’lgan) soliq qarzini 2023-yil 1-martdan 1-iyulgacha foizlarsiz, qo’shimcha shartlar qo’ymasdan va ta'minot talab etmasdan teng ulushlarda bo’lib-bo’lib to’lashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash 2023-yil 1-aprelgacha to’xtatiladi. Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalari bo’yicha muddati o’tgan debitor qarzdorlik uchun xo’jalik yurituvchi subektlarga 2023-yil 1-aprelgacha jarimalar qo’llanilmaydi.
Albatta, qiyinchiliklarga uchragan tadbirkorlarga soliq xizmati organlari “Soliqchi-ko’makchi” tamoyili asosida xizmat ko’rsatishni davom ettiradilar.
Ta'kidlash joiz, ayni kunlarda So’x tuman soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan turli ochiq muloqot va uchrashuvlar tashkil etilmoqda, muammolar o’rganilib ijobiy hal etish choralari ko’rilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun muhim bo’lgan qator yo’nalishlarni belgilab olgan holda amaliy yordamlar ko’rsatilmoqda.
Xususan, 2023 yil fevral oyi davomida So’x tumani soliq inspeksiyasi tomonidan 120 ta tadbirkorlik subektlarini qiynayotgan muammolar o’rganildi. Mazkur jarayon davomida ko’maklashish zarur bo’lgan 22 ta yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subektlariga dastlabki buxgalteriyasini yuritish, qulay soliq rejimini tanlash, soliq imtiyozlari va ularni qo’llash tartibini tushuntirish, ortiqcha QQS to’lovlarini qaytarish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordamlar ko’rsatildi.
Biz, soliq idoralari xodimlari bundan buyon ham, albatta, Prezidentimiz belgilab berganlaridek, tadbirkorga maslahatchi, ko’makchi va yaqin hamkor sifatida faoliyatimizni davom ettiramiz.
Faridjon To’raboyev - So’x tuman davlat soliq inspektsiyasi boshlig’i
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram