G’AZNOV MAHALLASIDA ICHIMLIK SUV QUDUG’I QAZISH ISHLARI OXIRIGA YETKAZILDI
2023-03-03 14:51:02 156
G’aznov mahallasida ichimlik suv qudug’i qazish ishlari oxiriga yetkazildi
Suv hayot manbai sanaladi. Tumanimizda suv ta'minotidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning 4798-sonli qarori asosida 2020 yilda keng ko’lamli ishlar boshlangan edi. Bunday ishlar tumanimiz hududlarida bugungi kunda ham davom etyapti. Albatta, bundan ko’zlangan asosiy maqsad aholini ichimlik suviga bo’lgan talabotini to’la qondirishdan iborat.
G’aznov mahalla fuqarolar yig’ini aholisi ham ichimlik suvi muammosidan aziyat chekib keladi. Ayni kunda ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida mahallada amaliy ishlar olib borilmoqda.
“O’zsuvta'minot” MChJ So’x tumani bo’limi boshlig’i Farhodjon Azimbekovning ma'lumotiga ko’ra, mazkur mahallada davlatimiz rahbarining 4798-sonli qarori asosida chuqurligi 100 metr bo’lgan yangi ichimlik suv qudug’i qazish ishlari boshlangan edi. Ayni kunda quduq qazish ishlari oxiriga yetkazildi va bugun qazilgan quduqqa maxsus sifatli temir trubalar tushirish ishlari olib borilmoqda.
Quduq qazish ishlari “Yangi avlod” MChJ tomonidan olib borilmoqda. Agar qiymati salkam 800 milion so’m bo’lgan ushbu quduq foydalanishga topshirilsa, G’aznov mahallasi fuqarolari to’liq toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram