TO’QIMACHILIK KORXONALARIGA ELEKTR ISTE'MOLI UCHUN 1 OYLIK OLDINDAN TO’LOV TALABI BEKOR QILINADI
2023-01-18 14:15:24 131
To’qimachilik korxonalariga elektr iste'moli uchun 1 oylik oldindan to’lov talabi bekor qilinadi
“Paxta-to’qimachilik klasterlari faoliyatini qo’llab-quvvatlash, to’qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident farmoni (PF–2-son, 10.01.2023-y.) qabul qilindi
Farmonga ko’ra, gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarni mablag’ bilan ta'minlash uchun 200 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’lar 3 yil muddatga yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.
To’qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga elektr energiyasi iste'moli uchun bir oylik oldindan to’lov talabi bekor qilinadi.
Soha korxonalarini aylanma mablag’ bilan ta'minlash uchun 2023-yil 1-aprelgacha 2 yil muddatga 500 million AQSh dollari miqdorida xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag’larini jalb qilish choralari ko’riladi.
To’qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do’konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 100 ming AQSh dollarigacha mablag’ni chet elga o’tkazishga ruxsat beriladi.
Yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to’qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida to’qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etiladi.
2023-yil 1-aprelgacha talab yuqori bo’lgan professional kasblar (tikuvchi, bichuvchi, yigiruvchi, mexanik) yo’nalishida dual ta'lim tizimida mutaxassislar tayyorlash va xorijiy (Germaniya, Turkiya) ta'lim dasturlarini joriy qilish bo’yicha pilot loyihalar Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida amalga oshiradi.
2023/2024-o’quv yilidan Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat institutida to’qimachilik sanoatida talab yuqori bo’lgan mutaxassislarni (muhandis, texnolog, dizayner, marketolog) tayyorlash bo’yicha qo’shma ta'lim dasturlari ishlab chiqiladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram