QONUNCHILIKDAGI O’ZGARTIRISHLAR
2023-01-13 09:27:36 125
Qonunchilikdagi o’zgartirishlar
“O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo’shimcha va o’zgartishlar kiritish to’g’risida”gi 2022 yil 16 dekabrdagi O’RQ-810-sonli Qonuni qabul qilindi. Qonun bilan muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to’g’risidagi iltimosnomalarni ko’rib chiqish amaliyotida o’zgartirish kiritilgan.
So’nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini so’zsiz ta'minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo’nalishlarini mustahkamlashga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam ko’rsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to’g’risidagi iltimosnomalari tumanlararo ma'muriy sudlar tomonidan ko’rib chiqilmoqda.
Tumanlararo ma'muriy sudlar faqat viloyat markazlarida joylashganligi, hududlar geografik joylashuvi bo’yicha bir-biridan uzoqda joylashganligi va ichki ishlar organlari xodimi mazkur ish bilan shug’ullanishi davomida o’z xizmat joyini uzoq muddat bo’sh qoldirayotganligi tufayli muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to’g’risidagi iltimosnomalarni ko’rib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta ko’rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining Ma'muriy sud ishlarini yuritish to’g’risidagi kodeksining muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to’g’risidagi iltimosnomalarni ko’rib chiqishga doir normalarini O’zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’tkazish hamda tegishli ishlarni ko’rib chiqishni ma'muriy sudlardan jinoyat ishlari bo’yicha tuman, shahar sudlariga o’tkazish nazarda tutilmoqda.
Qonunda taklif etilayotgan normalar muayyan yashash joyiga ega bo’lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bog’liq qiyinchiliklarning va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Sh.Abdullayev - Fuqarolik ishlari bo’yicha So’x tuman sudi raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram